Jizzax politexnika institutida talabalar bandligini ta'minlashga bag'ishlangan uchrashuv o'tkazildi
Jizzax politexnika institutida o'tkazilgan tadbirda 10 nafar talaba ish bilan ta'minlanishi bo'yicha kelishuvga erishildi.

Jizzax politexnika institutida sanoat korxonalari uchun malakali kadrlarni tanlash, yoshlarning bandligini ta'minlash hamda ta'lim va ishlab chiqarish o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan amaliy uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbirda institut rahbariyati, professor-o'qituvchilar, talaba-yoshlar hamda "SINOMA Wind Power Blade Central Asia" MCHJ XK vakillari qatnashdi.
Tadbir davomida korxona vakillari yoshlarga mavjud bo'sh ish o'rinlari, talabgorlarga qo'yiladigan talablar, mehnat faoliyatini boshlash shartlari hamda yosh mutaxassislar uchun yaratilgan imkoniyatlar yuzasidan batafsil ma'lumot taqdim etdi.
Ish beruvchi va talabalar muloqoti
Uchrashuvning asosiy amaliy ahamiyati shundaki, talabalar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, o'zlarining bilim va ko'nikmalarini ko'rsatish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Uchrashuv yakunida nomzodlar bilan suhbatlar o'tkazilib, ularning kasbiy salohiyati hamda egallagan bilimlari baholandi.
Suhbat natijalariga ko'ra, 10 nafar talaba-yoshni ish bilan ta'minlash yuzasidan tegishli kelishuvga erishildi. Bu kabi muloqotlar talabalarning o'qish davrida olgan nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog'lashi, mehnat bozoriga faol kirib borishi va o'z mutaxassisligi bo'yicha mustaqil faoliyat boshlashida muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: UzA



