Jizzax Sambhram Universitetida xalqaro ilmiy hamkorlik aloqalari kengaytirilmoqda
Óbuda University rektori professor Kovach Levente Jizzax Sambhram Universitetiga tashrif buyurib, ikki oliygoh o'rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Jizzax Sambhram Universitetida Vengriyaning Budapesht shahrida joylashgan Óbuda University rektori, professor Kovach Leventening tashrifi bo'lib o'tdi. Zamonaviy ta'lim tizimida xalqaro maydondagi hamkorlik va global integratsiya muhim ahamiyat kasb etib, mazkur tashrif ikki oliygoh o'rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga ko'tarishga qaratildi.
Ilmiy sheriklik va ustuvor yo'nalishlar
Elektr va biomeditsina muhandisligi hamda boshqaruv nazariyasi sohasida xalqaro miqyosda tan olingan olim professor Kovach Levente bugungi kunda universitetlar yopiq tizimda rivojlana olmasligini ta'kidladi. Tashrif doirasida faqat memorandum imzolash emas, balki qo'shma tadqiqotlar, talabalar hamda professor-o'qituvchilar almashinuvini yo'lga qo'yish maqsad qilingan. Xususan, muhandislik va sog'liqni saqlash sohalarida innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari katta.
Istiqbolli rejalar va taqdirlash marosimi
O'zaro anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirilgan bo'lib, bu qo'shma ilmiy loyihalar, akademik almashinuv va innovatsion dasturlarni joriy etish imkoniyatlarini kengaytiradi. Mazkur jarayon ta'lim sifatini oshirish, ilmiy izlanishlarni xalqaro darajaga olib chiqish va yosh tadqiqotchilar uchun yangi maydon yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, universitet kengashi tomonidan professorga “Faxriy doktor” unvonini berish tashabbusi ilgari surildi. Bu ilmiy ehtirom ifodasi bo'lish bilan birga, uzoq muddatli strategik sheriklikni institutsionallashtirishga qaratilgan amaliy qadam sifatida baholandi.
Manba: UzA



