Maktab maslahatchisi lavozimi uchun sinov va suhbatlar boshlandi
Qoraqalpog'istonda maktab maslahatchisi vakant lavozimlariga nomzodlarni saralash jarayonlari o'tkazilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi Kelajak markazlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to'g'risidagi qaroriga muvofiq, shahar va tuman Kelajak markazlari direktorlari hamda o'quvchilarning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha maktab maslahatchisi lavozimi uchun test sinovi va suhbat o'tkazilishi belgilandi. Hozirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Kelajak markazi tomonidan umumiy o'rta ta'lim muassasalarida ishlaydigan maktab maslahatchisi lavozimiga nomzodlarni tanlash uchun suhbat jarayonlari tashkil etilmoqda. Tanlov ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda. ## Vakant o'rinlar va ariza topshirish jarayoni
Maktab maslahatchisi lavozimi tanlovining 2-mavsumi uchun O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining tanlov.uzedu.uz/home platformasi orqali Qoraqalpog'istondagi umumiy o'rta ta'lim maktablarida o'quvchilarning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha jami 619 ta vakant lavozim e'lon qilindi. 2026-yil 22-apreldan 12-maygacha bo'lgan qabul jarayonida jami 5 ming 400 dan ortiq ariza kelib tushdi. Shundan 5 ming 152 nafar talabgor malaka talablariga mos topilib, tanlovning 1-bosqichi bo'lgan test sinovlariga tavsiya etildi. Joriy yilning 18 va 23-may kunlari o'tkazilgan test sinovlarida 4 ming 322 nafar talabgor qatnashdi.
Suhbat bosqichi va nomzodlarni baholash
Sinovlardan muvaffaqiyatli o'tgan 1 ming 738 nafar nomzod hozirda suhbat bosqichida ishtirok etmoqda. Suhbatlar tasdiqlangan komissiya tomonidan belgilangan tartib asosida olib borilmoqda. Jarayonda nomzodlarning sardorlik va tashabbuskorlik salohiyati, amaliy tajribasi, muammoli vaziyatlarda to'g'ri qaror qabul qilish qobiliyati hamda yoshlar bilan ishlashdagi faolligi baholanmoqda. Tanlovning adolatli o'tishini ta'minlash maqsadida apellyatsiya mexanizmi yo'lga qo'yilgan bo'lib, kelib tushgan murojaatlar qonunchilik asosida ko'rib chiqiladi. Kelajak markazi mazkur tanlov orqali maktablarda ma'naviy-ma'rifiy ishlarni yanada kuchaytirish, o'quvchilar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash hamda malakali, fidoyi kadrlarni tanlab olishni maqsad qilgan.
Manba: UzA


