Maktab maslahatchisi lavozimi uchun test sinovlari tashkil etildi
Qoraqalpog'istondagi umumiy o'rta ta'lim maktablarida joriy etilayotgan yangi lavozim uchun nomzodlar sinovdan o'tkazildi.

Pedagogik mahorat markazida Qoraqalpog'iston Respublikasidagi Kelajak markazlarining umumiy o'rta ta'lim maktablarida faoliyat yurituvchi maktab maslahatchisi lavozimi uchun test sinovlari bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 sentyabrdagi Maktabdan tashqari ta'lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risidagi qaroriga muvofiq, Kelajak markazlarining umumiy o'rta ta'lim tashkilotlarida vertikal tizimini joriy etish maqsadida o'quvchilar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilmoqda. Mazkur jarayondan ko'zlangan asosiy maqsad maktabdan tashqari ta'lim tashkilotlari faoliyatini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, bolalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli hamda samarali tashkil qilishdan iborat. Shuningdek, o'quvchilarni intellektual jihatdan yetuk, Vatanga sadoqatli, tarix va milliy madaniyatimizga hurmat ruhida tarbiyalash ham ko'zda tutilgan.
Test sinovlari jarayoni va shartlari
Ushbu yangi lavozimga jami 728 nafar nomzod hujjat topshirib, o'z bilimlarini sinovdan o'tkazdi. Sinov jarayonlari belgilangan tartib va talablar asosida shaffof, oshkora muhitda hamda adolat tamoyillariga amal qilgan holda tashkil etildi. Talabgorlarning kasbiy bilim va ko'nikmalari xolisona baholandi:
- Test sinovlari jami 30 ta savoldan iborat bo'ldi;
- Yuqori natija ko'rsatgan talabalar keyingi bosqich ya'ni suhbat jarayoniga tavsiya etiladi.
Manba: UzA


