Mirishkorlik tarix o'qituvchisi "Yil o'qituvchisi" tanlovida g'olib bo'ldi
Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan "Yil o'qituvchisi" tanlovida Mirishkor tumanidagi 20-maktabning tarix fani o'qituvchisi Akmal Safarov g'olib chiqib, 616 million so'm mukofot oldi.

O'qituvchilikni hayot maqsadi deb bilgan pedagoglarning mehnati har doim yutuqlarda namoyon bo'ladi. Prezident tashabbusi bilan pedagoglar o'rtasida ilk bor tashkil etilgan "Yil o'qituvchisi" tanlovining yakuniy natijalariga ko'ra, Qashqadaryo viloyatidan 16 nafar pedagog birinchi o'rinni egallab, g'oliblar safidan joy oldi. Ular orasida Mirishkor tumanidagi 20-maktab tarix fani o'qituvchisi Akmal Safarov ham bor. Ushbu g'oliblik unga 616 million so'm miqdoridagi mukofotni taqdim etdi.
Mehnat yo'li va izlanishlar
Akmal Safarov dastlab Qarshi pedagogika kollejida tahsil olgan, keyin Qarshi davlat universitetining tarix fakultetida bakalavr darajasini egallagan. 2020-yilda Mirishkor tumanidagi 20-maktabda ish boshlagan va shu bilan birga magistraturada o'qigan. Uning o'qituvchilik faoliyati ancha kamtarona boshlangan bo'lib, dastlab 10 soat dars yuklamasi bilan 828 ming so'm maosh olgan. O'sha paytlarda unga boshqa kasbni tanlash bo'yicha maslahatlar ham berilgan, biroq u ta'lim tizimidagi maqsadidan qaytmagan.
Tarix fani o'quvchidan voqealar o'rtasidagi bog'liqlikni anglashni talab qiladi. Akmal Safarov darslarda sanalar va raqamlarni oddiy yodlatishdan ko'ra, ularni obrazlar orqali tushuntirishga harakat qiladi. Ayrim mavzularni sahna ko'rinishlari va spektakllar shaklida tashkil etib, o'quvchilarni jarayonga jalb etadi. Bu usulning samarasi o'quvchilar natijalarida ham ko'rinmoqda. 2023-yildan buyon u tayyorlagan qariyb 500 nafar o'quvchi milliy sertifikatlarga ega bo'lgan bo'lsa, faqat o'tgan yilning o'zida uning 146 nafardan ortiq o'quvchisi sertifikat oldi.
Maktabdagi muhit va o'zgarishlar
Tanlovdagi g'oliblikdan tashqari, uning kasbiy yutuqlari salmoqli hisoblanadi. U malaka toifalarini olgan, joriy yil bahorida 70 foizlik ustamaga ega bo'lgan. Attestatsiya jarayonida 100 balldan 98 ball to'plagan. Milliy sertifikatlarga ega bo'lgan va vazir ustamasini ham qo'lga kiritgan. Bugun uning oylik daromadi barcha ustama va to'lovlar hisobidan ming dollardan oshadi.
20-maktab Mirishkor tumani Jeynov shaharchasining Avvona mahallasida joylashgan bo'lib, bu yerda 787 nafar o'quvchi ta'lim oladi. Maktabdagi 52 nafar o'qituvchining 70 foizi oliy va birinchi toifaga ega. Ayni paytda bu yerda 15 nafar o'qituvchi qariyb 1000 dollar atrofida oylik maosh olmoqda. Maktabda uzoq yillar ishlagan ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi Niyozmuhammad Panjiyev ta'lim sohasidagi bugungi o'zgarishlarni e'tirof etib, yosh o'qituvchining tanlovda yarim milliard so'mdan ortiq mukofot olganini ta'limga berilgan e'tiborning yorqin natijasi sifatida baholaydi.
828 ming so'mlik birinchi maosh bilan boshlangan yo'l bugun 616 million so'mlik mukofotga olib keldi. Ustoz uchun eng katta mukofot esa uning darslarida o'tirgan va o'z yo'lini topadigan yuzlab shogirdlarining yutug'idir.
Manba: UzA



