Mustaqillik-35 ta'lim granti g'oliblari uchun 1 milliard so'm ajratildi
Metsenat loyihasi doirasida Mustaqillik-35 ta'lim granti g'oliblari aniqlandi. 100 nafar talabaning kontrakt to'lovi qoplab beriladi.
Metsenat loyihasi doirasida tashkil etilgan Mustaqillik-35 ta'lim granti g'oliblarining nomlari ma'lum qilindi. Unga ko'ra, tanlovda zafar quchgan 100 nafar talabaning har birining kontrakt to'lovi uchun 10 million so'mdan, jami 1 milliard so'm mablag' yo'naltirilishi belgilandi. Mazkur moliyaviy yordam 67 nafar qiz va 33 nafar yigitga taqdim etildi.
G'oliblar ta'lim olayotgan yo'nalishlar
Talabalar respublika bo'ylab turli sohalarda tahsil olmoqda:
- Iqtisodiyot va moliya - 26 nafar
- Filologiya va tillar - 25 nafar
- Tibbiyot - 13 nafar
- Yurisprudensiya - 13 nafar
- Texnika, IT va muhandislik - 6 nafar
- Ijtimoiy va siyosiy fanlar - 6 nafar
- Pedagogika - 5 nafar
- Tabiiy va aniq fanlar - 3 nafar
- Qishloq xo'jaligi va biotexnologiya - 3 nafar
Ma'lum qilinishicha, grant tanlovi uchun jami 15 290 ta ariza kelib tushgan. Da'vogarlarni saralab olish jarayonida talabaning o'zlashtirish ko'rsatkichlari, oilasining ijtimoiy holati, nogironligi mavjudligi, ota-onasidan ayrilganligi, jamoat ishlaridagi faolligi hamda erishgan yutuqlari atroflicha inobatga olindi.
Eslatib o'tamiz, Metsenat loyihasining asosiy vazifasi o'qish xarajatlarini to'lashda qiynalayotgan, biroq yuksak salohiyat va iqtidorga ega bo'lgan ehtiyojmand talabalarni ixtiyoriy ravishda moddiy qo'llab-quvvatlashdan iboratdir. Mustaqillik-35 ta'lim granti Yoshlar ishlari agentligining Ibrat farzandlari, UzChess, Mutolaa, Ustoz AI, UzCombinator va Ko'mak kabi qator loyihalari bilan tuzilgan kelishuvga asosan e'lon qilingan edi.
Manba: Kun.uz



