Xususiy maktab va repetitorlar bolaning yuqori natijasini kafolatlaydimi
Bolaga qimmat ta'lim tanlash va repetitor yollashning o'zi yaxshi natija bermasligi mumkin.
Bolaga eng yaxshi xususiy maktabni tanlash, kuchli repetitor yollash va ta'lim uchun katta mablag sarflash har doim ham yaxshi natijani kafolatlamaydi. Agar o'quvchida mustaqil o'qish, qiyinchilikka chidash, xato qilishdan qo'rqmaslik va boshlagan ishini oxiriga yetkazish ko'nikmalari shakllanmagan bo'lsa, qimmat ta'lim ham kutilgan samarani bermasligi mumkin.
Ta'limda brend va pul omili
Kimyo fani o'qituvchisi Jamshid Qayumov davlat maktabi, ixtisoslashtirilgan va xususiy ta'lim muassasalarida ishlagan tajribasiga tayanib, zamonaviy ta'limda ota-onalar yo'l qo'yayotgan xatolar haqida to'xtaldi. Uning kuzatishicha, ayrim o'quvchilar pul to'lab borayotgan repetitorini maktabdagi o'qituvchisidan avtomatik ravishda ustun qo'yadi.
Mutaxassis ixtisoslashtirilgan davlat maktabida ishlagan vaqtida darsni repetitorlik mashg'ulotlaridagidek sifatli o'tishga harakat qilganini, ammo ba'zi o'quvchilar darsga e'tibor bermaganini eslaydi. Sababi so'ralganda o'quvchilar tomonidan "mening repetitorim bor, men sizdan o'rganmayman" degan javoblar olingan. Bunday holat bolada "pul to'langan narsa qimmatli, tekin narsa qadrsiz" degan noto'g'ri qarash shakllanganidan dalolat beradi.
Ota-onalarning xatolari
Mutaxassis ta'limda brend bo'lmasligi, aksincha ilm va unga ixlos muhimligini ta'kidlaydi. Ota-onalar ko'pincha brend ortidan quvib, maktab yoki o'quv markazining nomi bolasining natijasini kafolatlaydi, deb o'ylashadi. Vaholanki, bir xil muassasada o'qiyotgan bolalarning o'zlashtirishi keskin farq qilishi mumkin. Shuningdek, xususiy maktablar shunchaki nazorat vositasiga yoki enagali rejimga aylanib qolmasligi lozim.
Manba: Kun.uz


