Namanganda oliy ta'lim bitiruvchilari uchun "Talaba EXPO-2026" kasb ko'rgazmasi o'tkazildi
"TURAN" xalqaro universitetida o'tkazilgan "Talaba EXPO-2026" ko'rgazmasida yoshlar ikki mingga yaqin bo'sh ish o'rinlari bilan ta'minlandi.

Namangan shahridagi "TURAN" xalqaro universitetida "O'zmilliybank" aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan viloyatdagi oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari uchun "Talaba EXPO-2026" kasb ko'rgazmasi tashkil etildi. Viloyat hokimligi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida o'tkazilgan mazkur tadbirda 150ga yaqin yirik ishlab chiqaruvchilar, kichik va o'rta biznes subektlari hamda tijorat banklari ikki mingga yaqin bo'sh ish o'rinlari bilan qatnashdi.
Bitiruvchilar bandligini ta'minlash yo'lidagi qadamlar
Ma'lumotlarga ko'ra, joriy yilda Namangan viloyatidagi o'nga yaqin davlat va xususiy oliy o'quv yurtlarini 10 mingdan ortiq bitiruvchi-talabalar tamomlamoqda. Ko'rgazma yoshlarning o'z mutaxassisligi bo'yicha munosib ish topishi, ish beruvchilar esa malakali kadrlar bilan ta'minlanishi uchun qulay imkoniyatlar maydoni bo'lib xizmat qildi. Tadbir ishtirokchilari viloyat kambag'allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi taqdim etgan "Oson ish" elektron platformasi bilan ham yaqindan tanishdi. Ushbu dastur orqali yoshlar onlayn ro'yxatdan o'tib, o'z mutaxassisligiga mos ish joylarini topish imkoniyatiga ega bo'lmoqdalar.
"Kelajakka qadam" dasturi va imtiyozli kreditlar
Tadbir davomida "O'zmilliybank" tomonidan bitiruvchilarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan "Kelajakka qadam" dasturining qulayliklari haqida tushunchalar berildi. Mazkur dasturning ikkinchi mavsumini yuqori saviyada o'tkazish maqsadida yaqin uch yil davomida 100 million dollar miqdorida resurs mablag'lari ajratilgan. Shuningdek, "Kelajakka qadam" dasturi doirasida o'tgan qariyb 1,5 yil davomida 245 nafar talaba 17 milliard 387 million 600 ming so'mlik imtiyozli kreditdan foydalangani ta'kidlandi.
Manba: UzA



