O'zbekiston va Germaniya ta'lim hamkorligi yangi bosqichga ko'tarilmoqda
O'zbekiston va Germaniya o'rtasida ta'lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik doirasida dual ta'lim va ilg'or Yevropa tajribalari joriy etilmoqda.

O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi ko'p yillik aloqalar tarixida ta'lim va ilm-fan sohachasi strategik ahamiyat kasb etib, so'nggi yillarda mutlaqo yangi, amaliy bosqichga ko'tarildi. Mamlakatimiz yoshlari uchun xalqaro standartlar asosida bilim olish sharoitlarining yaratilishi Germaniya ilmiy doiralarida katta qiziqish uyg'otmoqda va bu ikki davlat oliy o'quv yurtlari integratsiyasida yaqqol namoyon bo'lmoqda.
Ilg'or qo'shma tashabbuslar va tayyorlov kurslari
Geologiya fanlari universitetida Germaniyaning Saksoniya federal yeri oliygohlari vakolatxonasi ochildi. Shuningdek, Germaniyada o'qish istagida bo'lgan yoshlar uchun yurtimizda kasbiy va til bo'yicha maxsus tayyorlov kurslari tashkil etildi. Ushbu chora-tadbirlar tog'-kon, mashinasozlik, materialshunoslik hamda geoekologiya kabi muhim yo'nalishlarda xalqaro darajadagi professional kadrlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD) va Gyote institutining ko'magi bilan o'zbekistonlik talabalar hamda yosh tadqiqotchilar Yevropaning yetakchi universitetlarida malaka oshirib, qo'shma ilmiy loyihalarda qatnashmoqda.
Nemis ta'lim modelining afzalliklari
Germaniya ta'lim tizimining ilg'or jihatlarini o'zlashtirish va milliy modelga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Germaniyaning mashhur dual ta'lim tizimi - "Duale Ausbildung" asosiy tajriba hisoblanadi. Unga ko'ra, talaba haftaning bir qismida universitetda nazariya o'rgansa, qolgan kunlari korxonada ishlab, amaliy ko'nikma hosil qiladi. Bunday yondashuv bitiruvchilarning bandlik muammosini hal etishga ko'maklashadi.
Shuning bilan birga, Germaniyadagi "Fachhochschule" deb nomlanuvchi Amaliy fanlar universitetlari modelini joriy qilish orqali darslarni to'liq laboratoriyalarga ko'chirish, quruq ma'ruzalardan voz kechish ko'zda tutilgan. Olmon universitetlaridagi ilm-fan va biznes integratsiyasi, ya'ni sanoat korxonalari buyurtmasi asosida tadqiqotlar o'tkazish hamda talabalarga dars jadvali va yo'nalishini mustaqil tanlash imkonini beruvchi akademik erkinlik tamoyilini o'zlashtirish O'zbekiston ta'lim tizimini takomillashtirishga yordam beradi.
Manba: UzA



