Namanganlik kimyo o'qituvchisi "Yil o'qituvchisi" tanlovida 616 million so'm mukofot oldi
Chortoq tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab o'qituvchisi Ra'no Nosirova "Yil o'qituvchisi" tanlovi g'olibi bo'ldi.

Namangan viloyati Chortoq tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda faoliyat yurituvchi kimyo fani o'qituvchisi Ra'no Nosirova o'zining ko'p yillik samarali mehnati hamda yuqori ko'rsatkichlari bilan e'tirofga sazovor bo'ldi. Tajribali pedagog 16 yildan buyon yoshlarga saboq berib kelmoqda. Kasbiga sadoqati va izlanuvchanligi tufayli u o'quvchilar va jamoatchilik hurmatini qozongan.
Ustozning ko'plab shogirdlari yuqori marralarni zabt etgan. Jumladan, bugunga qadar uning 70 nafar o'quvchisi kimyo fanidan milliy sertifikatni qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lgan. Shuningdek, yuzdan ortiq yoshlar mamlakatimizdagi hamda xorijdagi nufuzli oliy ta'lim muassasalarining talabasi bo'lishdi. Bu yutuqlar ortida uzoq yillik mashaqqatli mehnat va har bir o'quvchiga individual yondashuv yotibdi.
Oliy toifali o'qituvchi erishgan natijalari bilan to'xtab qolmay, zamonaviy ta'lim tendentsiyalari, ilg'or metodikalar va ilmiy yangiliklarni doimiy ravishda o'zlashtirib boradi. Uning o'zi ham milliy sertifikati mavjudligi sababli 70 foizlik ustama olib kelmoqda. Kuni kecha ana shunday fidokorona mehnatlar yana bir bor yuksak baholanib, Ra'no Nosirova "Yil o'qituvchisi" tanlovi g'olibi deb topildi va unga 616 million so'm miqdoridagi pul mukofoti topshirildi.
Manba: UzA


