Navoiy davlat universiteti magistrantlari Belarusda tajriba oshirmoqda
Navoiy davlat universitetining 2-bosqich magistrantlari Belarusdagi Polotsk davlat universitetida malaka va tajriba almashmoqda.

Xalqaro qo'shma ta'lim dasturi ishtirokchilari
Navoiy davlat universitetining Rus tili va adabiyoti mutaxassisligi bo'yicha tahsil olayotgan 2-bosqich magistrantlari Belarus Respublikasidagi Polotsk davlat universitetida bo'lib turibdi. Ushbu tashrif "1+1" qo'shma ta'lim dasturi doirasida amalga oshirilmoqda bo'lib, yoshlar xorijda o'z malaka va tajribasini oshirmoqda.
Mazkur safar davomida magistrantlarga universitet Registrator ofisi direktori, dotsent Dilorom Shamsiyeva boshchilik qilmoqda.
Master-klass va zamonaviy ta'lim texnologiyalari
Tashrif doirasida tashkil etilgan dastlabki uchrashuvlardan so'ng, rus tili o'qituvchilari ishtirokida maxsus master-klass o'tkazildi. Unda masofaviy ta'lim jarayonida keng qo'llanilayotgan Moodle platformasidan samarali foydalanish hamda zamonaviy elektron o'quv-uslubiy majmualarni yaratish bo'yicha amaliy tajribalar namoyish etildi.
Ilmiy-tadqiqot muhiti bilan tanishuv
Magistrantlar Polotsk davlat universitetining ta'lim jarayoni, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, axborot-resurs markazi va muzey faoliyatini yaqindan ko'zdan kechirdi. Shuningdek, ular belaruslik talabalarning diplom ishlari himoyasi jarayonlarida ham qatnashdi. Bu orqali yosh tadqiqotchilar xalqaro akademik muhit va ilg'or ta'lim tajribalarini o'rganish imkoniyatiga ega bo'lishdi.
Bunday xalqaro hamkorlik dasturlari bo'lajek mutaxassislarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ilmiy izlanishlar ko'lamini kengaytirish hamda ta'lim sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: UzA



