ToshDO'TAU va Boshqirdiston universiteti o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti hamda M.Akmulla nomidagi Boshqird davlat pedagogika universiteti hamkorlikni kuchaytirdi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida M.Akmulla nomidagi Boshqird davlat pedagogika universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv o'tkazildi. Mazkur tashrifdan ko'zlangan asosiy maqsad ikki oliy ta'lim muassasasi o'rtasidagi ilmiy-ta'limiy aloqalarni rivojlantirish, turkologiya yo'nalishidagi hamkorlikni kengaytirish hamda akademik almashinuv imkoniyatlarini mustahkamlashdan iborat bo'ldi.
Uchrashuv davomida tomonlar ta'lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor yo'nalishlar, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Xususan, turkiy xalqlar tillari, adabiyoti va madaniyatini o'rganishga qaratilgan qo'shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, ToshDO'TAUning xorijiy hamkorlar bilan olib borayotgan ishlari, universitet huzuridagi “O'zbek maktabi” faoliyati va o'zbek tilini xalqaro miqyosda targ'ib etishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma'lumot berildi. Boshqird davlat pedagogika universitetida faoliyat yuritayotgan O'zbek tili va madaniyati markazi ishini takomillashtirish ham muhokama qilindi.
O'zbek tilini o'qitish va akademik mobillik
Muzokaralar yakunida Boshqird davlat pedagogika universitetida “Uzachademy” platformasi asosida o'zbek tilini o'qitishni yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvga erishildi. Ushbu loyihani joriy yilning sentabr oyidan boshlab amalga oshirish rejalashtirilgan bo'lib, u o'zbek tilini zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida o'qitish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tomonlar professor-o'qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar uchun akademik mobillik dasturlarini yo'lga qo'yish, qo'shma ilmiy konferensiyalar, seminarlar hamda ma'ruzalar tashkil etish bo'yicha kelishib oldilar. Uchrashuv yakunida ikki oliy ta'lim muassasasi o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Manba: UzA



