Navoiy shahrida talaba va bitiruvchilar uchun kasblar ko'rgazmasi o'tkazildi
Navoiyda o'tkazilgan "TalabaExpo – 2026" kasblar ko'rgazmasida yuzdan ortiq korxona va tashkilotlar o'z bo'sh ish o'rinlari bilan qatnashdi.

Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog'ida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “TalabaExpo – 2026” kasblar ko'rgazmasi tashkil etildi. Ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O'zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi, Navoiy viloyati hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o'tkazildi.
Bandlikni ta'minlash chora-tadbirlari
Mamlakatimizda yoshlarni munosib ish bilan ta'minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir. Prezidentning 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta'lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko'maklashish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo'lmoqda. Navoiy viloyatida ham ushbu hujjat ijrosi yuzasidan tizimli ishlar bajarilmoqda.
Bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta'minlash, ularni amaliyot hamda stajirovka o'rinlariga yo'naltirish, startap g'oyalarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ko'rgazmada 100 dan ziyod korxona va tashkilot o'z bo'sh ish o'rinlari bilan ishtirok etdi.
Oliy ta'lim muassasalari va bitiruvchilar ko'rsatkichi
Joriy o'quv yilida Navoiy viloyatidagi 4 ta oliy ta'lim muassasasini 8 ming nafardan ortiq talaba tamomlamoqda. Shuningdek, boshqa hududlarda o'qiyotgan 4676 nafar navoiylik bitiruvchi ham doimiy nazoratga olingan. Jumladan, Navoiy davlat universitetini 2025/2026 o'quv yilida 4876 nafar talaba bitirmoqda. Ularning 1942 nafari doimiy ishga joylashgan bo'lib, 83 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, 663 nafari o'zini o'zi band qilganlar, 737 nafari bola parvarishida, 24 nafari nogironligi bo'lgan shaxslar va 1427 nafari ishga joylashish arafasidagilarni tashkil etadi.
Tadbir davomida Navoiy davlat universitetini tamomlagan Bahora Abduqodirova kabi yoshlar o'z mutaxassisligi bo'yicha davlat tashkilotlaridan biriga ishga joylashish imkoniyatiga ega bo'ldilar.
Imtiyozli kreditlar va moliyaviy ko'mak
“O'zmilliybank” AJ Navoiy viloyati bosh boshqarmasi tasarrufidagi “Kelajakka qadam” markazi tomonidan hududdagi oliy ta'lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Xususan, Navoiy davlat universiteti hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida mazkur markazlarning hududiy bo'linmalari faoliyat yuritmoqda.
O'tgan o'quv yili bitiruvchilarining 168 ta loyihasi uchun jami 8 milliard 809 million so'm imtiyozli kredit ajratilib, 185 nafar yosh ish bilan ta'minlangan edi. 2026-yilda ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, yil boshidan buyon 150 ta loyihaga 25 milliard 717 million so'm kredit mablag'lari yo'naltirildi va 171 nafar bitiruvchining bandligi hal etildi.
Manba: UzA



