Navoiy shahridagi 18-maktabning o'quv yolidagi yuqori ko'rsatkichlari va yutuqlari
Navoiy shahridagi 18-umumta'lim maktabida 1975 nafar o'quvchi o'qimoqda. 2024/2025 o'quv yilida bitiruvchilarning 90 foizdan ortig'i talaba bo'ldi.

Navoiy shahridagi 18-umumta'lim maktabida bugungi kunda 1975 nafar o'quvchi bilim olmoqda. Ularga 99 nafar oliy ma'lumotli pedagog saboq berib kelmoqda. Ta'lim maskanida jami 58 ta sinf, 28 ta fan hamda 8 ta sport to'garagi faoliyat yuritadi. Maktabda o'quvchilar uchun yopiq sport zali, stadion, 54 ta kompyuter va 8 ta elektron doska muhayyo etilgan. Shuningdek, ta'lim muassasasi kutubxonasida 25 mingdan ortiq kitob mavjud.
Pedagoglar va o'quvchilar erishgan natijalar
Maktab jamoasining yutuqlari yildan-yilga yuksalib bormoqda. Jumladan, 2024/2025 o'quv yilida boshlang'ich ta'lim o'qituvchilari N. Poleuk va G. Chinnazarovaning ilg'or tajribalari respublika miqyosida ommalashtirildi. Bundan tashqari, o'qituvchi Gavhar Xo'jayeva “Yilning eng yaxshi o'zbek tili o'qituvchisi” ko'rik-tanlovining viloyat bosqichida 3-o'rinni qo'lga kiritdi.
Ta'lim maskani o'quvchilari ham fan olimpiadalari va xalqaro sinovlarda faol qatnashib, yuksak natijalarni qayd etmoqda. Xususan, 11-sinf o'quvchilari Hasan va Husan Jahongirovlar SAT xalqaro test sinovida yuqori ball to'plab, xalqaro sertifikatlarni qo'lga kiritishdi. Shuningdek, Husan Jahongirov viloyat fan olimpiadasida 2-o'ringa sazovor bo'ldi.
Bitiruvchilar va xorijiy tillar yo'nalishidagi yutuqlar
2024/2025 o'quv yilida mazkur maktab bitiruvchilarining 90 foizdan ziyodi mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilindi. Ta'lim dargohi xorijiy tillar bo'yicha tashkil etilgan tanlovlarda ham sovrinli o'rinlarni egallab, 75 million hamda 50 million so'mlik mukofotlar bilan taqdirlandi.
Manba: UzA


