Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar ma'naviy immunitetini oshirishga bag'ishlangan uchrashuv bo'lib o'tdi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishga bag'ishlangan ma'rifiy tadbir tashkil etildi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar o'rtasida tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, turli yot g'oyalar hamda ma'naviy tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda institut rektori v.b. Q.Qodirov, O'zbekiston Respublikasi Din ishlari bo'yicha qo'mita Qoraqalpog'iston Respublikasi hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi N.Jamalov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Nukus shahar Ichki ishlar boshqarmasi terrorizmga qarshi kurashish bo'limi tezkor vakili, katta leytenant N.Muhammaddinov, shuningdek, Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi o'rta maxsus islom bilim yurti prorektori Q.Mambetov, institutning yoshlar masalalari bo'yicha mas'ullari va talabalar qatnashdi.
Tinchlik va xavfsizlik - ustuvor vazifa
Muloqot davomida mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik jamiyat farovonligi hamda yosh avlod kelajagini belgilovchi asosiy omil ekani qayd etildi. Bugungi globallashuv davrida o'g'il-qizlarni axborot xurujlari va buzg'unchi g'oyalardan himoya qilish, ularda tanqidiy hamda tahliliy fikrlash ko'nikmalarini rivojlantirish muhimligiga alohida e'tibor qaratildi.
Ilm-ma'rifat va bo'sh vaqtni mazmunli o'tkazish
Jaholatga qarshi kurashishning eng ta'sirli vositasi ilm-fan, ta'lim-tarbiya va ma'rifat ekani ta'kidlandi. Yoshlarning bo'sh vaqtini unumli tashkil etish, ularni kitob o'qishga jalb qilish, ilmiy-ijodiy izlanishlar olib borish hamda sport va foydali mashg'ulotlarga yo'naltirish zarurligi qayd etildi. Yakunda ishtirokchilarga jamiyat hayotida faol fuqarolik pozitsiyasini egallash, bilim orqali salbiy ta'sirlarga qarshi tura olish bo'yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Manba: UzA



