Nukus shahrida Abu Rayhon Beruniy nomidagi III xalqaro kimyo olimpiadasi boshlandi
Nukus shahridagi "Oqqush" majmuasida maktab o'quvchilari o'rtasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi III xalqaro kimyo olimpiadasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Nukus shahridagi "Oqqush" majmuasida maktab o'quvchilarining kimyo fanidan nazariy bilimlari va amaliy ko'nikmalarini sinovdan o'tkazishga qaratilgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi III xalqaro kimyo olimpiadasining ochilishiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.
Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so'zga chiqib, ishtirokchilarni xalqaro olimpiadaning ochilishi munosabati bilan tabrikladi.
Ta'kidlanishicha, so'nggi yillarda ta'lim-tarbiya tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, yoshlarni har tomonlama bilimli qilib kamol toptirish hamda ularni qo'llab-quvvatlash yo'lida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda uchinchi marotaba o'tkazilayotgan mazkur xalqaro kimyo olimpiadasi ana shunday ezgu chora-tadbirlarning amaliy natijasi ekani qayd etildi.
Mazkur nufuzli bilimlar bellashuvi yoshlarning fan sohasidagi qiziqishlari, bilim va ko'nikmalarini rivojlantirishda, shuningdek, ular o'rtasida o'zaro do'stona aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu xalqaro olimpiadada dunyoning bir qator davlatlaridan tashrif buyurgan 120 nafardan ortiq eng zukko o'quvchi bir hafta davomida o'z bilim va salohiyatini sinovdan o'tkazadi. Musobaqa yoshlarning kimyo faniga bo'lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Manba: UzA


