Nukusda Prezident sovrini uchun chet tili tanlovining Qoraqalpog'iston bosqichi o'tkazildi
Nukus shahridagi 52-maktabda "Xorijiy tillarni o'qitish bo'yicha eng yaxshi maktab" tanlovining Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichi bo'lib o'tdi.

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tashabbusi bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tashkil etiladigan "Xorijiy tillarni o'qitish bo'yicha eng yaxshi maktab" tanlovining navbatdagi bosqichi bo'lib o'tdi. Mazkur tadbir Qoraqalpog'iston Respublikasida Nukus shahridagi 52-umumta'lim maktabi binosida tashkil etildi.
Beshikdan boshlab chet tillarini o'rgatish va ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan an'anaviy tanlovning ushbu bosqichida tuman hamda shahar bosqichlarida muvaffaqiyat qozongan jamoalar bahslashdi. Bellashuvda jami 85 nafar iqtidorli o'quvchi qatnashib, o'zlarining xorijiy tillar bo'yicha bilim va ko'nikmalarini namoyish etishdi.
Tadbir davomida soha mas'ullari so'zga chiqib, o'quvchilarga omad tiladi hamda mazkur sinovlar ta'lim tizimini rivojlantirish, ilg'or o'qitish tajribalarini keng targ'ib qilish va iste'dodli yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashda muhim o'rin tutishini alohida ta'kidlab o'tdi.
G'oliblarni taqdirlash
Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha o'tkazilgan bellashuvlar yakuniga ko'ra, yuqori natijalarni qayd etib, faxrli 1-, 2- va 3-o'rinlarni egallagan ta'lim muassasalari jamoalari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Manba: UzA


