Nukusda talabalar o'rtasida matematika fanidan ochiq olimpiada tashkil etildi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog'iston OTMlari talabalari uchun matematika olimpiadasi o'tkazildi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida matematika fanidan Qoraqalpog'iston Respublikasidagi oliy ta'lim muassasalari talabalari ishtirokida ochiq fan olimpiadasi tashkil etildi. Mazkur bilimlar bellashuvida respublika OTMlarida tahsil olayotgan 400 nafarga yaqin iqtidorli yoshlar o'z bilim va salohiyatini sinovdan o'tkazdi.
Olimpiada jarayonlari ikki xil toifa asosida tashkil etildi. Jumladan:
- A toifasi: matematika, amaliy matematika, informatika va kompyuter texnologiyalari ta'lim yo'nalishlari talabalari uchun bo'lib, ularga oliy matematika fanidan 5 ta yozma savol taqdim etildi.
- B toifasi: boshqa ta'lim yo'nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun mo'ljallangan bo'lib, ishtirokchilar 20 ta yopiq test savoli orqali o'z bilimini namoyish etdi.
Barcha ishtirokchilarga belgilangan topshiriqlarni bajarish uchun jami 4 soat vaqt ajratildi. Musobaqa jarayonlari shaffof va adolatli ruhda o'tkazilib, talabalar o'rtasida sog'lom raqobat muhiti ta'minlandi.
Mazkur fan olimpiadasi talaba-yoshlarning matematika faniga bo'lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning intellektual salohiyatini qo'llab-quvvatlash hamda oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi ilmiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratildi. Bellashuv yakuniga ko'ra, barcha g'olib va sovrindorlar maxsus diplom hamda qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanishi belgilandi.
Manba: UzA



