Nurota tumanida ta'lim sifati va o'quvchilar yutuqlari oshmoqda
Navoiy viloyati Nurota tumanidagi maktablarda ta'lim sifatini oshirish va o'quvchilar iqtidorini qo'llab-quvvatlash borasida qator natijalar qayd etilmoqda.

Navoiy viloyati Nurota tumanida yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, iqtidori va qobiliyatini ro'yobga chiqarish hamda ta'lim sifatini oshirish yo'nalishida muhim shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ayni paytda mazkur tumanda 52 ta umumta'lim maktabi hamda bitta ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasasi faoliyat olib bormoqda. Mazkur ta'lim maskanlarida 13 ming 585 nafar o'quvchiga 1 ming 798 nafar pedagog saboq bermoqda.
Ta'lim sifati va sertifikatlar
Olib borilayotgan islohotlar o'z samarasini bermoqda. Jumladan, xalqaro va milliy sertifikatlarga ega o'qituvchilar soni 164 nafarga yetgan bo'lsa, shunday sertifikatni qo'lga kiritgan o'quvchilar soni 278 nafarni tashkil etmoqda. O'quvchilarning darsdan bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tuman maktablarida 19 yo'nalishdagi fan to'garaklari hamda "Besh tashabbus" doirasida 8 yo'nalishdagi to'garaklar faoliyat yuritib kelmoqda.
Tanlov va musobaqalardagi yutuqlar
Tuman maktablari o'quvchilari turli fan, sport va intellektual yo'nalishlardagi musobaqalarda faol qatnashib, yuqori o'rinlarni egallamoqda. Jumladan, «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasidagi «Quvnoq startlar» sport musobaqasining viloyat bosqichida 34-umumta'lim maktabi jamoasi birinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Stol tennisi bo'yicha 6-umumta'lim maktabi o'quvchisi, voleybol bo'yicha esa 18-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabi jamoasi uchinchi o'ringa sazovor bo'ldi.
Shuningdek, «Bilimdon bolalar» telewithousining 6-sinflar o'rtasidagi bahslarida 32-umumta'lim maktabi o'quvchisi Sarvar Mustafoyev mutlaq g'oliblikni qo'lga kiritdi. Respublika «Munozara» turnirining final bosqichida Nurota tumani jamoasi faxrli ikkinchi o'rinni egallagan bo'lsa, «Vatanparvar» harbiy-sport o'yinlarida 18-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabining «Qalqon» jamoasi viloyat bosqichida ikkinchi o'ringa munosib ko'rildi. «Biz iqtidor egalarimiz» sport musobaqasining viloyat bosqichida 3-umumta'lim maktabi o'quvchisi Rayhona Namozova qizlar o'rtasida ikkinchi, Avaz Aslonov o'g'il bolalar o'rtasida uchinchi o'rinni egalladi. Zamira Murotova esa «Eng shijoatli qiz» nominatsiyasi g'olibi bo'ldi.
Manba: UzA


