Texnikumlarni tadbirkorlarga berish va xorijda ishga joylashganlarga grant ajratish tizimi yaratiladi
Har bir viloyatda texnikumlar yirik tadbirkorlar boshqaruviga berilib, xorijda ishga joylashgan bitiruvchilar uchun grant ajratish yo'lga qo'yiladi.

Qurilish, sanoat va logistika tarmoqlarida malakali kadrlarga bo'lgan ehtiyoj ham mamlakat ichida, ham xorijda ko'payib bormoqda. Xususan, Sergelidagi "Toshkent quvur zavodi" o'z ustalarini jalb qilgan holda yiliga 2,5 ming nafar payvandchi, elektrik va chilangar tayyorlash tashabbusi bilan chiqqan.
Shu munosabat bilan, har bir viloyatdagi 2-3 tadan texnikumni yirik tadbirkorlar boshqaruviga berish rejalashtirilmoqda. Ushbu tizim orqali yiliga kamida 30 ming nafar o'qishni tamomlagach darhol o'z ish faoliyatini boshlay oladigan mutaxassislarni tayyorlash ko'zda tutilgan. Bunda texnikumlar 15 yil muddatga boshqaruvga beriladi va ularning bitiruvchilariga davlat namunasidagi malaka sertifikati beriladi.
Grantlar va soliq imtiyozlari
Tadbirkorlar tomonidan kadrlar tayyorlash hamda uskuna xarid qilishga sarflangan xarajatlar to'lanadigan soliqlardan chegirib qolinadi. Shuningdek, chet elda yaxshi ish o'rinlariga joylashgan har bir bitiruvchi uchun maxsus grant ajratish mexanizmi yo'lga qo'yiladi. Texnikumlar bevosita xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatadi. Prezidendimiz ta'kidlaganidek, ilg'or tadbirkorlar chet elda o'zbek mutaxassislari brendini shakllantirishda davlatga ko'makchi bo'lishadi.
Manba: UzA

