Urganch davlat universitetida yangi sport majmuasi va futbol maydoni ochildi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida talabalar uchun 400 o'rinli zamonaviy sport majmuasi va futbol maydoni foydalanishga topshirildi.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida talaba-yoshlarning sport bilan muntazam shug'ullanishi hamda sport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 400 o'rinli yangi sport majmuasi va futbol maydonining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Tantanali tadbirda O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti, FIFA qo'mitasi raisi o'rinbosari Ravshan Ermatov, Xorazm viloyati hokimi o'rinbosari Sherzod Berdiyev, sport vakillari, universitet rahbariyati, professor-o'qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda so'zga chiqqanlar mamlakatimizda futbolni rivojlantirish, yoshlarning sportga bo'lgan qiziqishini oshirish va ularning professional sport sari intilishlarini qo'llab-quvvatlashda mazkur inshoot muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladilar.
Shundan so'ng ramziy tasma kesilib, mehmonlar va ishtirokchilar yangi majmuada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Yaratilgan shart-sharoitlar
Universitet rektori Feruza Madrahimovaning ta'kidlashicha, ta'lim maskanida sport sohasini rivojlantirish, yoshlarning jismoniy salohiyatini yuksaltirish va zamonaviy infratuzilma yaratish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Majmua bilan tanishuv davomida mehmonlarga futbol bo'yicha nazariy bilimlarni o'zlashtirishga mo'ljallangan o'quv xonalari, sportchilar uchun kiyinish, tibbiyot va sanitariya-gigiyena xonalarida yaratilgan qulayliklar namoyish etildi.
Manba: UzA



