Oliy o'quv yurtida o'qiyotgan talaba qizlarga harbiy tayyorgarlik huquqi berilishi mumkin
Oliy Majlis Senati qo'mita majlisida talaba qizlarga harbiy tayyorgarlikdan o'tish huquqini kafolatlash masalasi muhokama qilindi.
Mart oyining so'nggi kunida Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi majlisi bo'lib o'tdi. Unda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to'g'risida”gi Qonunning zaxiradagi va rezervdagi ofitserlarni tayyorlashga oid qismining Toshkent shahridagi oliy ta'lim muassasalarida bajarilish holati o'rganilib, natijalari muhokama qilindi.
O'tkazilgan tahlillar va aholi bilan muloqotlar davomida sohada bir qator kamchiliklar borligi aniqlandi. Xususan, harbiy tayyorgarlikdan o'tishni istagan xotin-qizlar soni oshib borayotganiga qaramay, ularning ushbu huquqini kafolatlovchi qonuniy asoslar yetarli darajada emasligi ma'lum bo'ldi.
Ayni paytda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to'g'risida”gi Qonunning 16-moddasiga binoan, oliy ta'lim muassasalarining kunduzgi bo'limida tahsil olayotgan faqat erkak talabalargina harbiy tayyorgarlikdan o'tishi belgilab qo'yilgan. Qonunchilikdagi bu holat tahlil qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan senatorlar o'z fikr va takliflarini bildirdilar.
Shuningdek, majlis davomida “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish to'g'risida”gi Qonun loyihasi ham dastlabki tarzda ko'rib chiqildi. Muhokamalar yakunida Qo'mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Ma'lumot uchun, amaldagi qonunchilikka ko'ra, tibbiy oliy ta'lim muassasalari talabalari jinsidan qat'i nazar, shuningdek, boshqa OTMlarning kunduzgi bo'limida o'qiyotgan erkak talabalar harbiy tayyorgarlikdan o'tish huquqiga ega.
Manba: Kun.uz



