O'zbekistonda ekologik ta'lim va kadrlar tayyorlash tizimi yangi bosqichga ko'tariladi
Prezident qaroriga muvofiq, respublikada 14 ta yashil texnikum tashkil etilib, ekologik ta'lim va kadrlar tayyorlash tizimi kuchaytiriladi.

Joriy yil 25-mart kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eko-madaniyat” umumxalq loyihasi doirasida ekologik ta'lim, ilm-fan va targ'ibotni jadallashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar to'g'risidagi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish, barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish va sohada malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini mustahkamlashni maqsad qilgan.
Yashil texnikumlar va kadrlar tayyorlash
Qarorga ko'ra, 2026-2027-yillar davomida respublikaning har bir hududida o'rta bo'g'in mutaxassislarini tayyorlaydigan 14 ta yashil texnikum faoliyati yo'lga qo'yiladi. 2030-yilga qadar esa mazkur texnikumlarda 10 ming nafardan ortiq malakali kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan. Yangi tashkil etiladigan ta'lim muassasalari hududlarning ekologik, ijtimoiy hamda iqtisodiy xususiyatlaridan kelib chiqib ish yuritadi. Ularning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o'rganish universitetiga biriktiriladi.
Ta'lim jarayonida uzviylikni ta'minlash maqsadida texnikumlardagi o'quv dasturlari universitet tomonidan ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, universitetning birinchi bosqichida o'qitiladigan ayrim mutaxassislik fanlari texnikumlar o'quv dasturlariga kiritiladi.
O'quvchilarni rag'batlantirish va imtiyozlar
Iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash uchun yashil texnikumlarda Ekostipendiya ta'sis etilib, eng faol va bilimli o'quvchilarga berib boriladi. Ingliz tilidan B2 darajaga ega bo'lgan hamda yuqori ko'rsatkichlarga erishgan bitiruvchilar uchun bakalavriatning ikkinchi bosqichidan o'qishni davom ettirish imkoniyati yaratilishi ta'lim bosqichlari o'rtasidagi uzviylikni mustahkamlaydi.
Shuningdek, oliy ta'lim muassasalarida yashil kampus loyihalari amalga oshiriladi, 2026-yil 1-maydan 10 ming qadam piyoda tashabbusi qayta tiklanib, Sog'lom turmush tarzi platformasi ishga tushiriladi. Yoshlarning ekologik faolligini oshirish uchun Yosh ekolog ko'krak nishoni ta'sis etiladi. 2026-2028-yillarda ekologiya va iqlim o'zgarishi sohasida ilmiy darajaga ega mutaxassislar sonini 150 nafarga yetkazish vazifasi ham belgilangan.
Manba: UzA



