Oliy o'quv yurtlarida talaba-qizlarga yaratilayotgan yangi imkoniyatlar tushuntirildi
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida o'tkazilgan tadbirda talaba-qizlarga Prezident farmonining mazmun-mohiyati yetkazildi.

Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida O'zbekiston Liberal demokratik partiyasi tashabbusi bilan “Farovon oila” loyihasi doirasida maxsus davra suhbati tashkil etildi. Unda “Oilada huquqiy madaniyatni oshirish – zo'ravonlikning oldini olishning muhim omili” mavzusi muhokama qilinib, joriy yil 3-mart sanasida imzolangan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldini olish bo'yicha qo'shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to'g'risida”gi Prezident farmoni mazmuni atroflicha tushuntirildi.
Yangi farmon va talabalarga beriladigan imkoniyatlar
Tadbirda ta'kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlar hamda bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularni har qanday zo'ravonlik va tazyiqlardan asrash yo'lida tizimli ishlar bajarilmoqda. Qonunchilik palatasi deputati Gulshana Xudoyorovaning so'zlariga ko'ra, yangi hujjatda homilador talaba-qizlar hamda uch yoshgacha bo'lgan farzandini tarbiyalayotgan talabalarga o'qishini davom ettirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish belgilangan.
- 2026/2027 o'quv yilidan boshlab kursdan kursga qolgan yoki talabalar safidan chetlatilgan shaxslarga o'qishini tiklash imkoni beriladi;
- Fanlar farqini qayta o'zlashtirish sharti bilan ta'limni davom ettirishga ruxsat etiladi;
- Talabalarga fanlardagi farqlarni mustaqil ravishda topshirishi uchun qo'shimcha muddat ajratiladi.
Tadbirkorlik va huquqiy savodxonlik
Mutasaddilarning fikricha, bunday qo'llab-quvvatlash choralari ayniqsa qizlarning oliy ma'lumot olishida muhim ahamiyat kasb etadi. Muloqot davomida yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish bilan bir qatorda, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish masalalari ham ko'rib chiqildi. Ishtirokchi talaba-qizlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar va amaliy tavsiyalar olishdi.
Manba: UzA



