Attestatsiyadan o'tolmagan o'qituvchilar ishdan bo'shatiladimi: vazirlik munosabati
Ijtimoiy tarmoqlarda navbatdan tashqari attestatsiyada yiqilgan o'qituvchilar ishdan olinishi haqida tarqalgan xabarlar rad etildi.

So'nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida navbatdan tashqari attestatsiya sinovlaridan yetarli ball to'play olmagan o'qituvchilar maktab ma'muriyati tomonidan ishdan bo'shatilishi mumkinligi haqida turli xabarlar tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, bunday xabarlar hech qanday asosga ega emasligini ma'lum qildi. Maktab rahbariyati yoki boshqa mas'ul shaxslar tomonidan pedagoglar oldiga bunday talablarni qo'yish amaldagi qonunchilik talablariga mutlaqo zid hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko'ra, navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, undan o'ta olmagan pedagoglarning malaka toifasi tushirilmaydi. Shu bilan birga, ularga amaldagi malaka toifasi bo'yicha ish haqi to'lanishi davom etadi. Shu sababli, navbatdan tashqari sinovlarda kerakli natijani ko'rsata olmagan xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qonuniy asos mavjud emas.
Ishdan bo'shatish qachon mumkin
Amaldagi tartibga muvofiq, faqatgina oliy ma'lumotga ega bo'lmagan hamda mutaxassis lavozimida ishlayotgan pedagoglar majburiy attestatsiya sinovlarida qatnashib, undan o'ta olmagan taqdirdagina, ular bilan mehnat shartnomasi malaka yetarli emasligi sababli bekor qilinishi mumkin. Ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan hollarda, mazkur pedagoglar navbatdan tashqari attestatsiyada ketma-ket ko'pi bilan ikki marta ishtirok etish huquqiga ega bo'ladi. Agar belgilangan imkoniyatlardan keyin ham xodim sinovlarda salbiy natija ko'rsatsa, shartnoma amaldagi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinishi mumkin. Qolgan barcha vaziyatlarda esa attestatsiyadagi salbiy natija o'qituvchini ishdan bo'shatishga asos bo'la olmaydi.
Manba: UzA


