Oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta'minlash choralari muhokama qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o'tkazilgan "Hukumat soati"da oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta'minlash va kadrlar tayyorlash masalalari ko'rib chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O'zbekiston "Adolat" sotsial demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Fan, ta'lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo'mitasi tashabbusi bilan navbatdagi "Hukumat soati" bo'lib o'tdi. Yig'ilishda oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta'minlash, ta'lim jarayonlarini mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg'unlashtirish hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Deputatlar savollariga oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov javob berdi.
Kadrlar tayyorlash va davlat buyurtmasi
Mamlakatimizda oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta'minlash va iqtisodiyot tarmoqlari uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Vazirning ta'kidlashicha, davlat buyurtmasi parametrlari 2025-yildan boshlab oliy ma'lumotli kadrlarga bo'lgan prognoz talabi asosida to'rt yillik davr uchun tasdiqlanmoqda. 2026/2027 o'quv yili uchun davlat granti asosidagi qabul kvotalari 36 ming 23 tani tashkil etdi. Bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo'yicha umumiy qabul parametrlari 234 mingdan ortiq etib belgilandi. Qabul jarayonida muhandislik, axborot texnologiyalari, pedagogika va agrar sohalar ustuvor yo'nalish sifatida hisobga olinmoqda.
Mehnat yarmarkalari va elektron platformalar
Oliy ta'lim qamrovining kengayishi natijasida bitiruvchilar soni ham yildan-yilga oshmoqda. Jumladan, 2025/2026 o'quv yilida oliy ta'lim muassasalarini 323 mingdan ziyod talaba tamomlagan bo'lsa, 2027-yilda mehnat bozoriga 390 mingdan ortiq bitiruvchi kirib kelishi prognoz qilinmoqda. Yoshlarni ish bilan ta'minlash maqsadida mamlakat bo'ylab "TalabaEkspo" kasb ko'rgazmalari va mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda. Joriy yilda 378 ta mehnat yarmarkasi hamda 1 ming 243 ta vorkshop o'tkazilib, ularda 7 ming 700 dan ortiq ish beruvchi ishtirok etdi. Shuningdek, “career.edu.uz” elektron platformasi ishga tushirilib, bitiruvchilarning bandlik holati real vaqt rejimida monitoring qilinmoqda va bo'sh ish o'rinlari taklif etilmoqda. Raqamli monitoring natijasida 2026-yilning may-iyun oylari davomida ish bilan band bo'lmagan bitiruvchilar soni qariyb 19 ming nafarga qisqargan.
Deputatlar savollari va dolzarb muammolar
Muhokamalar davomida siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari o'zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar berdi. Xususan, O'zLiDeP vakillari mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib oliy ta'lim klassifikatoriga kiritilgan yangi yo'nalishlar bilan qiziqdi. "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi a'zolari career.edu.uz platformasida rezyume shakllantirgan bitiruvchilarning bandlik ko'rsatkichlarini so'radi. "Adolat" SDP esa bitiruvchilarni o'z mutaxassisligi bo'yicha ishga joylashtirishda rektorlar uchun belgilangan KPI va shaxsiy javobgarlik mezonlariga e'tibor qaratdi. O'zXDP hududiy tafovutlarni bartaraf etish dasturi haqida so'ragan bo'lsa, Ekologik partiya deputatlari kadrlar tarkibini "yashil ish o'rinlari" ehtiyojlariga moslashtirish masalasini ko'tardi. Vazir barcha takliflar sohani yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.
Manba: UzA



