Oliy ta'lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari muhokama qilindi
Oliy ta'lim tizimidagi ichki nazorat bo'linmalari rahbarlari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida muhim uchrashuv bo'lib o'tdi.

Joriy yilning 22-23 yanvar kunlari oliy ta'lim tizimi mas'ullari ishtirokida muhim yig'ilish o'tkazildi. Mazkur tadbirda universitet va institutlardagi korrupsiyaga qarshi kurashishga mas'ul bo'lgan ichki nazorat bo'linmalari rahbarlari jam bo'ldilar.
Tadbirning asosiy yo'nalishi qog'ozbozlikdan voz kechib, amalda ishlaydigan samarali yechimlarni topishdan iborat ekani ta'kidlandi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga yo'llagan murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarni OTMlarda qanday tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Favqulodda yil va oldini olish choralari
2026 yil korrupsiyaga qarshi kurashishda "Favqulodda yil" deb e'lon qilingani bois, seminar davomida oliygohlarda poraxo'rlik hamda tanish-bilishchilik kabi illatlarning oldini olish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Asosiy e'tibor muammoni keyinchalik davolashga emas, balki uni keltirib chiqaruvchi sabablarni barvaqt bartaraf etishga qaratildi.
Shu bilan birga, ustozlar va talabalar o'rtasida adolat, vijdon hamda halollik tamoyillarini mustahkamlash dolzarb vazifa sifatida qayd etildi. Qonunlarga faqat jazo qo'rqinchidan emas, balki uning mohiyatini tushungan holda amal qilish ko'nikmasini shakllantirish masalalari yig'ilishning asosiy mavzularidan biri bo'ldi.
Manba: UzA



