Oliy ta'lim muassasalarida talabalar o'qishini ko'chirish va tiklash tartibi qanday
Talabalar o'qishini bir oliy ta'lim tashkilotidan boshqasiga ko'chirish va tiklash tartiblari hamda istisno holatlari ma'lum qilindi.
Amaldagi qoidalarga ko'ra, talabalar o'qishini bir OTMdan boshqasiga faqat mos va turdosh ta'lim yo'nalishlariga ko'chirishga ruxsat etiladi. Agar muayyan hududda mos yoki turdosh yo'nalish bo'lmasa, ayrim istisno hollarda turdosh bo'lmagan yo'nalishlarga ham o'qishni ko'chirish imkoniyati beriladi.
Istisno holatlar
- Talaba turmush qurgani munosabati bilan turmush o'rtog'i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta'lim tashkilotiga o'qishini ko'chirish uchun murojaat qilganda.
- Davlat organi xodimining ish joyi tegishli vazirlik yoki idora tomonidan boshqa hududga o'zgartirilganda, uning turmush o'rtog'i yoki voyaga yetmagan farzandi tegishli vazirlik yoki idora rahbarining tavsiyasi asosida o'qishini ko'chirish uchun murojaat qilganda.
Bundan tashqari, talabalarning o'qishini ko'chirish yoki qayta tiklash OTMlar, tizimida oliy ta'lim muassasalari bo'lgan vazirlik va idoralar hamda O'zbekiston ta'lim tashkilotlariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasining qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta'lim tashkilotlari talabalari o'qishini ko'chirish, qayta tiklash va o'qishdan chetlashtirish tartibi to'g'risidagi nizomda belgilab qo'yilgan.
Manba: Kun.uz



