Oliy ta'lim talabalari uchun uch tomonlama shartnoma asosida moliyalashtirish tartibi tasdiqlandi
Buyurtmachi talabaning o'qishini moliyalashtirib, keyin o'z korxonasiga ishga qabul qilishi uchun yangi mexanizm joriy etildi.
Yangi tasdiqlangan nizomga muvofiq, talabalar o'qishini davom ettirishi uchun moliyaviy ko'mak olishi, ish beruvchilar esa o'z ehtiyojiga mos kadrni oldindan tayyorlashi uchun qulay imkoniyat yaratildi. Bu mexanizm oliy ta'lim tashkiloti, talaba va buyurtmachi o'rtasida uch tomonlama shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi.
Buyurtmachiga qo'yiladigan talablar va saralash jarayoni
Uch tomonlama shartnomalarda buyurtmachi sifatida xodimlari soni 50 nafardan ortiq bo'lgan yoki qiymati kamida 1 million AQSh dollarigacha bo'lgan investitsiya loyihasiga ega vazirlik, idora va tashkilotlar ishtirok etishi mumkin.
Nizomga ko'ra talabalarni saralab olish tartibi quyidagicha belgilangan:
- talabalar har yili 20 sentabrgacha saralashda qatnashish uchun oliy ta'lim tashkilotiga elektron ariza topshiradi va o'zlashtirish ko'rsatkichlari haqidagi ma'lumotnomani ilova qiladi;
- saralovda qatnashish uchun talabgorning joriy o'quv yilidagi GPA ko'rsatkichi 3 va undan yuqori bo'lishi talab etiladi;
- tanlov komissiyasi har yili 15 oktyabrgacha talabgorlarni suhbat asosida saralab olishdan o'tkazadi;
- saralashda buyurtmachi vakili xulosasi asosiy mezon sifatida qayd etilgan.
Ish bilan ta'minlash shartlari
Talabalar o'qishni tugatgach, buyurtmachi korxona yoki tashkilotda ishlab berish sharti bilan ariza topshiradi. Uch tomonlama shartnoma tuzgan va ta'limni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar keyinchalik buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda ishga qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Manba: Kun.uz



