Chet tili o'qituvchilarining huquqlari buzilayotgani yuzasidan ogohlantirish berildi
Davlat mehnat inspeksiyasi xorijiy til o'qituvchilarining huquqlari buzilishi va mehnat qonunchiligi buzilishiga qarshi chora ko'rilishini bildirdi.
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mamlakatimizdagi chet tili o'qituvchilarining huquqlari poymol etilayotgani borasida rasmiy bayonot berildi. Ma'lum qilinishicha, so'nggi vaqtlarda xorijiy tillardan saboq berayotgan pedagoglarga oylik maoshlari to'lanmayotgani, ular asossiz ravishda ishdan chetlatilayotgani yoxud majburiy tarzda ariza yozdirib olinayotgani yuzasidan ko'plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Inspeksiya ish beruvchilarning bunday harakatlari amaldagi mehnat qonunchiligiga mutlaqo zid ekanini va bu huquqbuzarlik sifatida baholanishini qat'iy eslatib o'tdi. Aniqlangan har bir qonunbuzarlik holati bo'yicha belgilangan tartibda tegishli javobgarlik choralari ko'rilishi ta'kidlandi.
Eslatib o'tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi qaroriga muvofiq, maktab, o'rta maxsus va professional ta'lim muassasalarining chet tili o'qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo'lishi talab etiladi. Ushbu talabni bajarmagan pedagoglar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish yoki B2 darajasidagi sertifikati mavjud bo'lmagan shaxslarni ishga qabul qilmaslik tartibi belgilangan.
Shuningdek, 2025 yil sentabr oyida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining buyrug'i bilan ta'lim muassasalarida xorijiy til o'qituvchilaridan kamida B2 darajasidagi til sertifikatini talab qilish muddati 2026 yilgacha uzaytirilgani ma'lum qilingandi.
Manba: Kun.uz


