Oliy ta'lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish tartibi belgilanmoqda
O'zbekistonda oliy ta'lim tashkilotlari faoliyatini baholovchi milliy reytingni shakllantirish va yuritish tartibi belgilanmoqda.
Yangi loyihaga ko'ra, mamlakatimizdagi oliy ta'lim tashkilotlarining milliy reytingi yuritiladi. Unda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, faoliyat boshlaganiga kamida uch yil to'lgan va bitiruvchilari bor bo'lgan oliy ta'lim muassasalari qatnashadi. Shu bilan birga, oliy harbiy, harbiylashtirilgan, ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bu jarayondan istisno qilinadi.
Ma'lumotlarni yig'ish va mas'uliyat
Reyting agentlikning maxsus dasturiy ta'minoti va maxsus platformasi orqali yuritilishi belgilangan. Kerakli ma'lumotlar tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari, oliy ta'lim tashkilotlarining o'zlari taqdim etadigan ko'rsatkichlar hamda xalqaro ma'lumotlar bazalari asosida shakllanadi. Bunda ma'lumot manbasi va ularni verifikatsiya qilish usullari platformada ko'rsatilishi shart.
OTMlar tomonidan kiritilishi lozim bo'lgan ma'lumotlar har yili 1 fevralga qadar platformaga joylashtirilishi kerak. Belgilangan muddatda taqdim etilmagan ma'lumotlar reytingni hisoblashda inobatga olinmaydi. Kiritilgan ma'lumotlarning ishonchliligi va o'z vaqtida taqdim etilishi uchun esa tashkilot rahbari shaxsan javobgar bo'ladi.
So'rovnomalar va toifalarga ajratish
Reyting jarayonida umummilliy so'rovnoma natijalari ham hisobga olinadi. So'rovnoma har yili 1 iyunga qadar o'tkazilib, unda talabalar, professor-o'qituvchilar hamda ish beruvchilar ishtirok etishi mumkin. Agar so'rovnoma o'tkazilgan oliygohda talabalar va professor-o'qituvchilarning kamida 20 foizi qatnashgan bo'lsa, natijalar hisobga olinadi.
Milliy reyting kontingentga qarab oliygohlarni toifalarga bo'lgan holda yuritiladi. Toifalar quyidagi yo'nalishlar bo'yicha belgilanadi:
- ijtimoiy-gumanitar fanlar
- amaliy fanlar
- tibbiyot fanlari
- ijod va sport yo'nalishlari
Toifalarga ajratish ishlari har yili iyul oyiga qadar Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan aniqlanadi.
Natijalarni e'lon qilish va e'tirozlar
Reyting natijalari belgilangan mezonlar asosida to'plangan ballar orqali hisoblanadi va har yili 31 oktyabrga qadar agentlikning rasmiy veb-sayti hamda OAVda e'lon qilinadi. Agar yolg'on ma'lumot taqdim etilgani bo'yicha asosli shubha va dalillar aniqlansa, tegishli reyting yili uchun natijalar bekor qilinishi hamda materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi mumkin.
Oliy ta'lim tashkilotlari e'lon qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida natijalarga nisbatan agentlikka yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish huquqiga ega. Kelib tushgan murojaatlar 15 ish kuni ichida ko'rib chiqiladi.
Manba: Kun.uz



