Oliy ta'limda bitiruvchi sifati indeksi joriy etildi
Universitetlar bitiruvchilarining bandligi va natijalarini xolis baholashga qaratilgan Bitiruvchi sifati indeksi ishga tushirildi.
Joriy yilda oliy ta'limga kirish uchun 600 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirdi va ularning qariyb uchdan bir qismi talaba bo'lishga erishdi. Oliy ta'lim muassasasini tamomlagan yoshlarning keyingi taqdiri, jumladan qachon ish topgani, qancha daromad olayotgani va o'qishini davom ettirgani ta'lim sifatining muhim ko'rsatkichi hisoblanadi. Mazkur jarayonlarni raqamlar orqali xolis baholash maqsadida rasman «Bitiruvchi sifati indeksi» joriy etildi.
Bitiruvchi sifati indeksi nima uchun kerak?
Mamlakatimizda universitetlar va talabalar sonining keskin ortishi abituriyentlar oldida to'g'ri tanlov qilish masalasini dolzarb qilib qo'ydi. Ota-onalar va yoshlar qaysi oliygohni tanlasa, kelgusida muvaffaqiyatga erishishi mumkinligi haqida obyektiv ma'lumotga ehtiyoj sezmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta'lim sifatini ta'minlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yo'ldoshevning ta'kidlashicha, mazkur indeks inson omilidan xoli bo'lgan ma'lumotlarni taqdim etadi. Platforma orqali qaysi oliy o'quv yurti talabalari muvaffaqiyatliroq ekanini, qaysilarida o'rtacha yoki nisbatan past natijalar qayd etilayotganini aniq ko'rish mumkin.
Shuningdek, bu indeks oliygohlar rahbarlari uchun ham o'z faoliyatini baholash vositasiga aylanadi. Masalan, respublika miqyosidagi umumiy ball joriy yilda 50 dan oshgan bo'lsa, kelgusi yilda bu ko'rsatkich qanday o'zgarishi rektorlarga o'tgan davrdagi ishlarini tahlil qilish imkonini beradi.
Manba: Kun.uz



