Oliy ta'limda dual ta'lim tizimini joriy etish tartibi qanday?
Oliy ta'lim muassasalarida kadrlar tayyorlashni mehnat bozori talablariga moslashtirish uchun dual ta'lim tizimi joriy etilmoqda.

Bugungi kunda oliy ta'lim bitiruvchilarining muvaffaqiyati ularning nazariy bilimlarni amalda qo'llay olishi hamda muammolarga mustaqil yechim topa bilishi bilan belgilanadi. O'qish jarayonini mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish maqsadida Prezidentning 2026-yil 29-sentabrdagi farmoni imzolandi. Dual ta'lim aynan shu vazifani bajarib, talabaga bir vaqtning o'zida ham oliygohda nazariy bilim olish, ham ish joyida amaliy ko'nikmalarni egallash imkonini beradi.
Dual ta'limning asosiy shartlari
Ta'lim jarayoni oliy ta'lim muassasasi, korxona va talaba o'rtasidagi uch tomonlama shartnoma asosida yo'lga qo'yiladi. O'quv dasturining kamida 30 foizi nazariy ta'limga, qolgan qismi esa ish joyidagi amaliy tayyorgarlikka ajratiladi. Ish beruvchi talabaga har oy mehnatga haq to'lashning eng kam miqdoridan kam bo'lmagan oylik to'lashi belgilangan. Talaba esa o'qishni tamomlagach, kamida ikki yil ushbu korxona yoki uning tizimidagi tashkilotlarda ishlab berishi shart.
Rag'batlantirish va ustozlik tizimi
2027-yil 1-yanvardan boshlab ayrim texnik va ishlab chiqarish yo'nalishlarida dual ta'lim talabalariga to'langan ish haqining 50 foizi davlat byudjetidan subsidiya asosida qoplanadi. Shuningdek, amaliy tayyorgarlik sifatini oshirish maqsadida 2027-yil 1-yanvardan ustozlar uchun maxsus o'quv kurslari tashkil etilib, har bir ustozga ko'pi bilan 15 nafar talaba biriktirilishi belgilandi.
Toshkent davlat yuridik universitetida allaqachon amaliy o'qitish va dual ta'lim tamoyillari amaliyotga tatbiq etilgan bo'lib, ikkinchi, uchinchi va to'rtinchi kurs talabalari o'qishning yarmini sudlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarda o'tkazmoqda. 2027/2028 o'quv yilidan boshlab bu tajribani boshqa davlat oliy ta'lim muassasalarida ham qo'llash rejalashtirilgan.
Manba: UzA



