Oliy ta'limda professor-o'qituvchilar va talabalar nisbati qanday?
O'zbekiston oliygohlarida bir nafar professor-o'qituvchiga to'g'ri keladigan talabalar soni tahlil qilindi.

Ta'lim sifatini ta'minlash milliy agentligi tomonidan oliy ta'lim tashkilotlari milliy reytingining asosiy indikatorlaridan biri hisoblangan professor-o'qituvchilar bilan ta'minlanganlik darajasi aniqlandi. Mazkur natijalarga ko'ra, respublikadagi davlat oliygohlarida bir nafar o'qituvchiga o'rtacha 19,1 nafar talaba to'g'ri kelishi ma'lum bo'ldi.
Shuningdek, xorijiy oliygohlar filiallarida bu ko'rsatkich 32,9 nafarni tashkil etsa, nodavlat oliy ta'lim muassasalarida 55,3 nafarga yetishi qayd etildi.
Mutaxassisliklar va yo'nalishlar bo'yicha ko'rsatkichlar
Oliygohlar toifalari tahlil qilinganda, eng maqbul nisbat ijod va sport yo'nalishidagi oliy ta'lim muvassasalarida kuzatilgan bo'lib, ularda bir nafar o'qituvchiga o'rtacha 8,4 nafar talaba to'g'ri keladi. Qolgan sohalardagi holat quyidagicha:
- Tibbiyot fanlari oliygohlarida 13,6 nafar
- Amaliy fanlar oliygohlarida 26,8 nafar
- Ijtimoiy-gumanitar fanlar oliygohlarida 44,3 nafar
Shu bilan birga, ayrim oliy ta'lim muassasalarida professor-o'qituvchi va talabalar soni o'rtasidagi nisbat keskin yuqori ekani, hattoki ba'zi hollarda bu ko'rsatkich 200 nafardan ham oshib ketgani aniqlangan.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, mazkur nisbatning yuqori darajada bo'lishi talabalar bilan individual tartibda ishlash, amaliy mashg'ulotlarni sifatli o'tkazish hamda ilmiy faoliyat bilan shug'ullanish imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi.
Ma'lumot uchun, hozirgi kunda mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan 1,6 milliondan ortiq talabaga 61 mingdan ziyod professor-o'qituvchi saboq bermoqda.
Manba: UzA



