Oliy toifali o'qituvchilar pedagogika magistraturasiga maqsadli qabul qilinadi
Hukumat qaroriga ko'ra, umumiy o'rta ta'lim tashkilotlarining oliy malaka toifasiga ega o'qituvchilari pedagogika yo'nalishidagi magistraturaga masofaviy shaklda o'qishga qabul qilinadi.
O'zbekistonda umumiy o'rta ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan hamda xalqaro akkreditatsiyalangan tizimda oliy malaka toifasiga ega bo'lgan pedagoglar uchun magistraturaga maqsadli qabul tizimi yo'lga qo'yiladi. Bu haqdagi hukumatning 322-son qarori 2026 yil 24 iyun kuni imzolandi. Mazkur tartib 2026-2027 o'quv yilidan boshlab Nizomiy nomidagi O'zbekiston milliy pedagogika universitetida amalga oshirilishi belgilandi.
O'qish shartlari va majburiyatlar
Qarorga asosan, oliy toifali o'qituvchilar pedagogika yo'nalishi bo'yicha magistraturaning masofaviy ta'lim shakliga amaldagi qabul tartiblari asosida qabul qilinadi. Bunda talabalar uchun quyidagi shartlar belgilanmoqda:
- o'qituvchilar o'qish davrida asosiy ish joyidan ajralmagan holda masofaviy tarzda tahsil oladi;
- o'qishni muvaffaqiyatli tamomlagan mutaxassislar umumiy o'rta ta'lim muassasalarida yana kamida 3 yil davomida o'z mehnat faoliyatini davom ettirish majburiyatini oladi.
Shuningdek, hujjatda mazkur dastur bo'yicha tahsil oladigan oliy toifali o'qituvchilarning to'lov-kontrakt mablag'larini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 15 avgustdagi 447-son qaroriga muvofiq tatbiq etilmasligi ko'rsatib o'tildi. Hukumatning ushbu qarori pedagog kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish hamda maktablar uchun yuqori malakali mutaxassislar zaxirasini yaratishga qaratilgan.
Manba: Kun.uz



