Oliy va kasbiy ta'lim tizimida korrupsiyaviy jinoyatlar soni kamaydi
Oliy ta'lim muassasalarida korrupsiyaviy jinoyatlar soni qisqarib, sohada shaffoflikni oshirishga qaratilgan choralar ko'rilmoqda.

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oliy hamda kasbiy ta'lim va ilm-fan sohalarida ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik nazoratini ta'minlashga bag'ishlangan ochiq muloqot va jamoatchilik eshituvi o'tkazildi. Mazkur tadbirda sohada korrupsiyaning oldini olish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida so'nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, xususan, talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish, shartnoma va stipendiya to'lovlari hamda oliy ta'limga qabul jarayonlarini raqamlashtirish natijalari haqida batafsil ma'lumot taqdim etildi. Qayd etilishicha, olib borilgan tizimli ishlar tufayli oliy ta'lim muassasalarida korrupsiyaviy jinoyatlar soni izchil kamayish tendensiyasiga ega bo'lmoqda.
Jinoyatlar statistikasi va qisqarish ko'rsatkichlari
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, 2024-yilda korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgani uchun 90 nafar xodim sudlangan bo'lsa, 2025-yilda bu ko'rsatkich 81 nafarni tashkil etdi. Bir yil ichida bunday huquqbuzarliklar 9 taga kamaygani qayd etildi. Shuningdek, sodir etilgan jinoyatlar orasida pora berish, pora olish va ularda vositachilik qilish kabi holatlar ham sezilarli darajada qisqargani ma'lum qilindi.
Huquqiy madaniyatni yuksaltirish chora-tadbirlari
Ta'lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy madaniyatni oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, har yili 2 mingdan ziyod pedagog hamda 300 ming nafardan ortiq talaba va o'quvchi "Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi" platformasi orqali maxsus o'quv kurslarida o'qitilmoqda. Oliy ta'lim dasturlariga korrupsiyaning salbiy oqibatlari va unga qarshi kurashish mexanizmlariga bag'ishlangan maxsus mavzular kiritilgan bo'lib, hozirgi kunda 194 mingdan ziyod talaba mazkur yo'nalishda ta'lim olmoqda.
Bundan tashqari, so'nggi ikki yil mobaynida "Yoshlar korrupsiyaga yo'q deydi" shiori ostida eng yaxshi rasmlar, "Korrupsiyadan xoli ta'lim muassasasi" mavzusida eng yaxshi videoroliklar respublika ko'rik-tanlovlari hamda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid bilimlar bellashuvi muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda. Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida kelgusida korrupsiyaviy xavflarni yanada qisqartirish hamda hisobdorlikni kuchaytirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Manba: UzA



