Milliy va xalqaro sertifikatlar ro'yxatiga o'zgartirishlar kiritildi
Ta'lim yo'nalishidagi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro'yxatiga kiritilgan o'zgarishlar va imtiyozlar tartibi tasdiqlandi.

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining qo'shma qarori davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Mazkur hujjat xorijiy tillar va umumta'lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy hamda xalqaro tan olingan sertifikatlar ro'yxatiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritishni nazarda tutadi.
TOEFL iBT va SAT sertifikatlari bo'yicha imtiyozlar
Qarorga binoan, TOEFL iBT xalqaro sertifikati bo'yicha ma'lum muddatlardagi ballik tizimlar uchun imtiyozlar belgilandi. Jumladan, 2026-yil 21-yanvarga qadar 120 ballik tizim asosida hamda ushbu sanadan keyin 6 ballik tizim asosida olingan yoki olinadigan sertifikatlar uchun ularning amal qilish muddati tugagunga qadar imtiyozlar amal qiladi. Bu imtiyozlar umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta'limdan keyingi ta'limga qabul qilinish, ishga kirish hamda ustamalar belgilashda qo'llaniladi.
Shuningdek, Scholastic Assessment Test (Digital SAT) sertifikati 2026-yil 3-iyunga qadar 700 ballik tizim asosida olingan bo'lsa, uning ustamalar belgilash yuzasidan imtiyozlari amal qilish muddati tugagunga qadar saqlanib qoladi.
Ustamalar va boshqa o'zgarishlar
- Teaching Knowledge Test (TKT) xalqaro sertifikati bo'yicha ustama belgilashda barcha uchta modullardan oxirgi topshirilgan modulning sanasi asos sifatida olinadi.
- Kasbiy ta'lim tashkilotlari pedagoglari xorijiy tilda maxsus fanlarni o'qitgani uchun ularning lavozim maoshiga nisbatan har oylik ustamalar beriladi: B2 darajadagi milliy va xalqaro sertifikat uchun 50 foiz, C1 darajadagi sertifikat uchun 100 foiz miqdorida.
- Astrum Certified IT Educator milliy sertifikati 2026-yil 3-iyunga qadar olingan bo'lsa, uning amal qilish muddati tugagunga qadar (muddati belgilanmaganlari uchun esa olingan kundan boshlab uch yildan ko'p bo'lmagan vaqt mobaynida) umumiy o'rta, o'rta maxsus va kasbiy ta'lim muassasalarida ustamalar belgilashda qo'llaniladi. Biroq 2026-yil 3-iyundan keyin qo'lga kiritilgan ushbu sertifikat uchun ustamalar berish bo'yicha imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
Manba: UzA
