Olmaliq davlat texnika instituti zamonaviy ilmiy va innovatsion markazga aylunmoqda
Olmaliq davlat texnika instituti sanoat va ilm-fan integratsiyasini ta'minlab, muhandis kadrlar tayyorlashda yangi bosqichga ko'tarilmoqda.

Olmaliq shahri mamlakatimiz taraqqiyotida yirik sanoat markazi va muhandislik tafakkuri shakllangan hudud sifatida muhim o'rin tutadi. Bu yerda faoliyat yuritayotgan Olmaliq davlat texnika instituti yarim asrdan ziyod vaqt mobaynida konchilik va metallurgiya sohalari uchun malakali mutaxassislar yetishtirib kelmoqda. Bugungi kunda oliygoh o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo'yib, ta'lim bilan bir qatorda ilm-fan va innovatsiyalar markaziga aylanishni maqsad qilgan.
Institut tarixi va rivojlanish bosqichlari
Ta'lim muassasasining tarixi 1963-yildan boshlanadi. O'sha yili Toshkent politexnika institutining kon-metallurgiya fakulteti ishlab chiqarishga yaqinlashtirish maqsadida Olmaliq shahriga ko'chirilgan edi. Keyingi yillarda muassasa bir necha bor qayta tashkil etildi. 1995-yilda faoliyati to'xtatilgan bo'lsa, 2001-yilda Navoiy davlat konchilik instituti tarkibida qayta tiklandi. 2017-yildan boshlab esa Toshkent davlat texnika universitetining filiali sifatida faoliyat yuritdi. Prezidentimizning 2025-yil 8-sentabrdagi qaroriga muvofiq, oliygoh mustaqil Olmaliq davlat texnika instituti maqomini oldi va bu uning rivojlanishida yangi davrni boshlab berdi.
Ayni paytda institutda 5400 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Kelgusi yillarda ularning sonini 9 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. So'nggi yillarda 12 ta yangi ta'lim dasturi yo'lga qo'yilib, yo'nalishlar soni 23 taga yetdi. Konchilik va metallurgiya bilan bir qatorda axborot texnologiyalari, kompyuter injiniringi, qurilish, arxitektura, iqtisodiyot va ekologiya kabi zamonaviy yo'nalishlar ham rivojlantirilmoqda.
Ishlab chiqarish va ilm-fan integratsiyasi
Olmaliq davlat texnika institutining eng muhim jihatlaridan biri ta'limning ishlab chiqarish bilan uzviy bog'langanidir. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxonalarida 17 ta kafedra filiali tashkil etilgan. Talabalar nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlaydi, korxona mutaxassislari esa o'quv jarayonida ishtirok etadi.
Institutda ilmiy tadqiqotlarga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. 2026-yilda Oliy attestatsiya komissiyasi qarori bilan institut huzurida metallurgiya va foydali qazilmalarni boyitish yo'nalishlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tashkil etildi. Shuningdek, Prezidentning 2026-yil 4-apreldagi farmoni asosida institutda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, spin-off innovatsion korxonalarini tashkil etish bo'yicha ishlar boshlandi. Geologiya, metallurgiya va texnika sohalariga ixtisoslashgan GeoMetTex muhandislik maktabi hamda sun'iy intellekt texnologiyalariga asoslangan Simbiotech laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan. Xitoy va Turkiyaning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan qo'shma ta'lim dasturlari bo'yicha ham kelishuvlarga erishilgan.
Manba: UzA



