O'qituvchi va o'quvchi munosabatlari ta'lim sifatiga qanday ta'sir qiladi?
Kelajak bunyodkorlari loyihasi qahramoni Shahzod Qo'chqorov o'qituvchi va o'quvchi o'rtasidagi munosabatlar haqida fikr bildirdi.

O'qituvchi va o'quvchi o'rtasidagi munosabatlar ta'lim sifatiga, shuningdek, bolaning bilim olishi va shaxs sifatida shakllanishiga bevosita ta'sir ko'rsatadigan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Kelajak bunyodkorlari loyihasining navbatdagi qahramoni hamda Yil o'qituvchisi tanlovi g'oliblaridan biri Shahzod Qo'chqorov shu haqida o'z fikrlarini o'rtoqlashdi.
Pedagogik muomala tushunchasi o'qituvchining ijobiy psixologik iqlimni yuzaga keltirishga qaratilgan faoliyati bo'lib, u dars jarayonida va darsdan tashqari vaqtlarda o'quvchilar bilan olib boriladigan hamkorlikni o'z ichiga oladi. Pedagogik muloqot davomida bir qator muhim jihatlarga e'tibor qaratish lozim:
- Shaxsni hurmat qilish va uning fikrini tinglash
- Har bir o'quvchining psixologik xususiyatlari hamda imkoniyatlarini hisobga olish
- Baholash jarayonida hamda muomalada teng va to'g'ri munosabatda bo'lish
Mutaxassisning ta'kidlashicha, ustoz va shogird o'rtasida ma'lum bir chegara bo'lishi hamda munosabatlarning to'g'ri yo'lga qo'yilishi o'quv jarayonining samaradorligiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Manba: UzA


