O'qituvchilarning farzandlari uchun kontrakt to'loviga 30 foiz chegirma beriladi
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan pedagoglarning davlat OTMda o'qiyotgan farzandlari kontraktiga 30 foiz chegirma berish tartibi tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 17-sentabrdagi 501-sonli qarori bilan pedagog xodimlarning davlat oliy ta'lim tashkilotlarida o'qishga kirgan va tahsil olayotgan farzandlari to'lov-kontrakt summasiga chegirma taqdim etish tartibi tasdiqlab berildi. Bu haqda Oliy ta'lim vazirligi ma'lumot tarqatdi.
Chegirma kimlarga va qanday tartibda beriladi
2026/2027 o'quv yilidan boshlab har yili davlat oliy ta'lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi shaklda o'qiyotgan pedagoglarning farzandlari uchun to'lov-kontrakt summasiga 30 foiz miqdorida chegirma joriy qilinadi. Agar o'qituvchining bir nechta farzandi davlat OTMda kontrakt asosida o'qisa, bu chegirma har bir farzand uchun alohida taqdim etiladi.
Chegirma olmoqchi bo'lgan pedagoglarning farzandlari to'lov-kontrakt shartnomasini olish uchun kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza topshirishlari kerak. Arizani ko'rib chiqish jarayonida talabgorning pedagog farzandi ekanligi «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tekshirilib, tasdiqlangach, chegirma avtomatik tarzda qo'llaniladi. Mas'ul tashkilot arizalarni 2 ish kuni ichida ko'rib chiqadi. Mazkur chegirma o'quv yili uchun bir marotaba qo'llaniladi.
Chegirma qo'llanilmaydigan holatlar
Qarorga ko'ra, ushbu chegirma quyidagi toifadagilarga nisbatan TATBIQ ETILMAYDI:
- oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta'lim tashkilotlari;
- O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta'lim tashkilotlari va ularning filiallari;
- qo'shimcha va tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt asosidagilar;
- xorijiy hamkor OTMlarning qo'shma ta'lim dasturlari va fakultetlari;
- nodavlat oliy ta'lim tashkilotlarida tahsil olayotganlar.
Shuningdek, agar pedagog farzandlarining otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilsa, keyingi o'quv yilidan boshlab unga chegirma qo'llash to'xtatiladi.
Manba: Kun.uz



