Toshkentdagi maktablarda yangi raqamli davomat tizimi joriy etildi
Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda smart-kameralar va Face ID texnologiyasiga asoslangan SI Davomat raqamli tizimi ishga tushirildi.
Toshkent shahar hokimligining Vaziyatlar markazida Sergeli tumani ta'lim muassasalarida tatbiq etilgan SI Davomat raqamli tizimining taqdimoti bo'lib o'tdi. Mazkur loyiha maktablardagi jarayonlarni raqamlashtirishning birinchi bosqichi sifatida yo'lga qo'yilgan bo'lib, o'quvchilar davomatini nazorat qilish, o'quv jarayonini muntazam tahlil qilish hamda ta'lim sifatini oshirishga mo'ljallangan.
Zamonaviy texnologiyalar va imkoniyatlar
SI Davomat tizimi smart-kameralar va Face ID texnologiyasi yordamida o'quvchilarning maktabga kelishi hamda darslarda ishtirok etishini avtomatik ravishda qayd etib boradi. Dastur darslarning tashkil etilishi, o'quvchilar faolligi va o'qitish usullarini sinflar, fanlar hamda o'qituvchilar kesimida tahlil qilish imkoniyatiga ega. To'plangan ma'lumotlar o'qituvchilarni uslubiy qo'llab-quvvatlash, ta'lim sifatini baholash va KPI tizimini takomillashtirish jarayonida foydalaniladi.
Shuningdek, tizim darslarni sababsiz qoldirish holatlarini, jumladan, o'quvchining ma'lum fanlar bo'yicha mashg'ulotlarga muntazam kelmasligini aniqlay oladi. O'quvchi sababsiz dars qoldirgan taqdirda, uning ota-onasiga darhol SMS-xabarnoma yuboriladi.
Integratsiya va kelgusi rejalar
Loyiha ERP Maktab hamda Sog'liqni saqlash vazirligining DMED tizimi bilan integratsiya qilingan bo'lib, buning natijasida o'quvchining kasallik sababli darsga kelmagani avtomatik tarzda hisobga olinadi.
Hozirgi kunda SI Davomat tizimi Sergeli tumanidagi jami 26 ta maktabda muvaffaqiyatli ishlamoqda va mazkur ta'lim maskanlarida jami 446 ta smart-kamera o'rnatilgan. Sinov-aprobatsiya natijalariga qarab, kelgusida ushbu raqamli tizimni poytaxtning boshqa maktablarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.
Manba: Kun.uz


