Orolbo'yi maktablarida yangi o'quv yili boshlanib, birinchi sinflarga Prezident sovg'alari topshirildi
Orolbo'yi mintaqasidagi umumta'lim maktablarida yangi o'quv yili boshlandi. Bu yil 735 ta maktabning 1-sinfiga o'quvchilar qabul qilindi.

Qoraqalpog'iston Respublikasida yangi o'quv yili munosabati bilan umumta'lim maktablarida bayram tadbirlari tashkil etildi. Xususan, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Nukus shahridagi 34-sonli maktabda bo'lib, o'quvchilar bilan muloqotda bo'ldi va ularga kelgusi o'qishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir davomida davlat rahbarining mamlakatimiz maktablari o'quvchilari hamda ustoz-murabbiylariga yo'llagan bayram tabrigi o'qib eshittirildi. Unda so'nggi yillarda ta'lim sohasida olib borilayotgan islohotlar tufayli maktablar yangi qiyofaga kirib, ta'lim sifati oshib borayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, o'qish, kasbiy ta'lim, axborot texnologiyalari, ijod va sport yo'nalishlarida dastlabki yutuqlarga erishayotgan yoshlar e'tirof etildi. Shundan so'ng maktab o'qituvchilari bilan muloqot qilinib, ularning mashaqqatli mehnatiga minnatdorchilik bildirildi.
Nukusdagi ta'lim maskanlarida bayram tadbirlari
Shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov Nukus shahridagi ayrim fanlar chuqurlashtirib o'qitiladigan 46-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabida bo'lib o'tdi. Bu yerda ham Prezident tabrigi o'qib eshittirilib, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun yaratilayotgan sharoitlar alohida tilga olindi. Ta'lim tizimini rivojlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va sifatni oshirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanligi qayd etildi.
Birinchi sinf o'quvchilariga Prezident sovg'alari
Qayd etilishicha, joriy yilda Orolbo'yi hududidagi jami 735 ta umumta'lim maktabining 1-sinfiga 38 ming 915 nafar o'quvchi qabul qilindi. Maktab ostonasiga ilk bor qadam qo'ygan jajji bolajonlarning barchasiga Prezident sovg'alari yetkazib berildi va bu ularga o'zgacha bayram kayfiyatini ulashdi.
Manba: UzA


