OTMlarda 2026/2027 o'quv yili uchun tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt miqdorlari e'lon qilina boshlandi
O'zbekistonda oliy ta'lim muassasalarida super-kontrakt narxlari ma'lum bo'lmoqda. Ayrim yo'nalishlarda to'lov miqdori 90 million so'mgacha yetmoqda.

Oliy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlari natijalari e'lon qilingach, ko'plab abituriyentlar talaba bo'lish imkoniyatini qo'lga kiritdi. Natijalardan norozi bo'lganlar belgilangan tartibda apellyatsiya arizalarini berishlari mumkin. Imtihonda yetarlicha ball to'play olmagan va qo'shimcha to'lov evaziga o'qishni xohlovchilar uchun tabaqalashtirilgan, ya'ni super-kontrakt imkoniyati mavjud bo'lib, ayni paytda ayrim OTMlar 2026/2027 o'quv yili uchun uning miqdorlarini e'lon qilmoqda.
Super-kontrakt narxlari qanday belgilanadi?
O'tgan o'quv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt miqdorini universitetlar rektorlari mustaqil ravishda belgilamoqda. Qabul chegarasiga 4,05 balldan ortiq yetmagan abituriyentlar uchun bu miqdor bazaviy to'lov-kontraktning kamida 3 baravari miqdorida belgilanadi. Masalan, Termiz davlat universitetida tabaqalashtirilgan kontrakt miqdorlari yo'nalishga qarab 29,6 million so'mdan boshlanadi. Eng yuqori summa huquq va boshqaruv yo'nalishlarida kuzatilib, jumladan, yurisprudensiya, xalqaro munosabatlar hamda davlat va jamiyat boshqaruvi yo'nalishlarida super-kontrakt narxi 90 million so'mni tashkil etmoqda. Har bir OTMda narxlar turlicha bo'lgani sababli abituriyentlar o'zlari tanlagan universitetning rasmiy ma'lumotlarini kuzatib borishi lozim.
To'lovlarni amalga oshirish va qo'shimcha imkoniyatlar
Shuningdek, bakalavriat yo'nalishlariga kirish imtihonlari natijasiga ko'ra, ikkinchi-beshinchi yo'nalishlardan biri bo'yicha grant yoki kontraktga tavsiya etilgan abituriyentlarga o'z xohishiga ko'ra ustuvorligi bo'yicha tanlagan birinchi bakalavriat ta'lim yo'nalishida tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt asosida o'qishga ruxsat berildi. Bunda maqsadli qabul asosida tavsiya qilinganlar istisno sanaladi. Ma'lumot uchun, 2025/2026-o'quv yili qabulida tabaqalashtirilgan kontrakt asosida o'qish istagini bildirganlarga bir yillik o'qitish qiymatining 50 foizini 31-oktyabrga qadar to'lashga ruxsat berilgan bo'lib, arizalar onlayn qabul qilinadi.
Manba: UzA
