O'zbekiston Milliy universiteti nufuzli xalqaro reytingda to'rtta yo'nalish bo'yicha kuchlilar safidan joy oldi
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zMU 'QS World University by Subject Rankings 2026' reytingida to'rta fan yo'nalishi bo'yicha yuqori natijalarni qayd etdi.

Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti xalqaro miqyosdagi nufuzli 'Quacquarelli Symonds' reyting agentligining 'QS World University by Subject Rankings 2026' natijalariga ko'ra dunyoning eng kuchli OTMlari qatoriga kirdi. O'zMU ushbu nufuzli ro'yxatda jami to'rtta fan yo'nalishi bo'yicha munosib o'rinlarni egallashga muvaffaq bo'ldi.
Ilk bor qayd etilgan yo'nalishlar
Universitetning 'Arxeologiya' sohasi ilk marotaba mazkur xalqaro reytingdan o'rin olib, unda 201–260 o'rinda qayd etildi. Shuningdek, 'Lingvistika' yo'nalishi ham ilk bor dunyoning kuchli 301–350 universitetlari safidan joy oldi.
O'sish ko'rsatgan fanlar
Ro'yxatdagi boshqa fanlar ham o'z o'rinlarini sezilarli darajada yaxshiladi. Xususan, 'Matematika' yo'nalishidagi xalqaro natijalar 100 pog'onaga ko'tarilib, 301–350 o'rinni egalladi. 'Fizika va astronomiya' fanlari bo'yicha esa ko'rsatkich avvalgiga nisbatan 200 pog'ona yuqorilab, 401–450 o'rindan joy oldi.
Ushbu yuqori ko'rsatkichlar mamlakatimiz oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning amaldagi samarasi sifatida muhim o'rin tutadi. Xalqaro reytinglarda qayd etilgan bunday yutuqlar universitetning nufuzini yanada oshirish bilan birga, uning ilmiy salohiyati, ta'lim sifati hamda xalqaro hamkorlik ko'lamini kengaytirishga xizmat qiladi.
Manba: UzA



