O'zbekiston oliygohlarida o'qish istagidagi xorijlik talabalar soni keskin ko'paydi
2026-yilning ilk yarmida O'zbekistonga o'qish maqsadida kelgan xorijiy fuqarolar soni 2,2 barobarga oshib, 21 ming nafardan oshdi.

Mamlakatimizda ta'lim tizimini rivojlantirish va xalqaro tajribalarni tatbiq etish yo'lida amalga oshirilgan islohotlar o'z natijasini bermoqda. Oliy ta'lim sohasidagi o'zgarishlar natijasida ko'plab yangi oliy ta'lim muassasalari tashkil etilib, qabul kvotasi 3 barobar ko'paytirildi. Buning natijasida yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasi 2016-yildagi 8,8 foizdan 2024-2025 o'quv yilida 47,7 foizga yetkazildi.
Xorijlik talabalar oqimi
Respublika oliygohlarida tahsil olishni istagan chet el fuqarolari safi yildan-yilga kengaymoqda. Milliy statistika qo'mitasi taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida 21 ming 42 nafar xorijlik ta'lim olish maqsadida O'zbekistonga tashrif buyurgan. Mazkur ko'rsatkich o'tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 11,5 ming nafarga yoki 2,2 barobarga oshganini ko'rsatadi.
Qaysi davlatlardan talabalar ko'p kelmoqda?
Joriy yilning dastlabki yarmida yurtimizga o'qish uchun kelgan chet el fuqarolarining davlatlar kesimidagi taqsimoti quyidagicha ko'rinish olgan:
- Turkmaniston: 9 ming 207 nafar
- Hindiston: 3 ming 723 nafar
- Tojikiston: 1 ming 915 nafar
- Xitoy: 951 nafar
- Qirg'iz Respublikasi: 834 nafar
- Pokiston: 689 nafar
- Misr: 603 nafar
- Koreya Respublikasi: 526 nafar
- Filippin: 367 nafar
- AQSH: 302 nafar
- Boshqa davlatlar: 1 ming 925 nafar
Ushbu statistika mamlakatimizda oliy ta'limga qaratilayotgan e'tibor, uning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda qamrov darajasini oshirish borasidagi islohotlarning amaldagi samarasi ekanini ko'rsatadi.
Manba: UzA



