O'zbekistonda beshinchi "Ustozlar milliy forumi" xalqaro konferensiyasi boshlandi
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan an'anaviy beshinchi "Ustozlar milliy forumi" xalqaro konferensiyasi tashkil etildi.

Yangi o'quv yili arafasida pedagoglarning o'zaro tajriba almashishi, ilg'or pedagogik texnologiyalardan xabardor bo'lishi hamda yangi g'oyalarni muhokama qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda 2026-yilning 9-11-avgust kunlari Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tashabbusi bilan "Sifatli ta'lim – Yangi O'zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori" shiori ostida an'anaviy beshinchi "Ustozlar milliy forumi" boshlandi.
Forumning asosiy maqsadlari va bosqichlari
Mazkur tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad maktabgacha va maktab ta'limi muassasalarida tarbiya va o'qitish jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish, xodimlar hamda rahbarlarning mas'uliyati va tashabbuskorligini oshirishdan iborat. Shuningdek, tizimdagi pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish va ilg'or metodik yondashuvlarni keng targ'ib qilish ko'zda tutilgan. An'anaviy tarzda har yili avgust oyida o'tkaziladigan tadbir respublika, viloyat, tuman va maktablar miqyosini qamrab oladi.
Jumladan, forumning respublika bosqichi Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etilib, unga barcha hududlardan 300 nafardan ortiq yetakchi, tashabbuskor o'qituvchi va tarbiyachilar jalb qilindi. Tadbirning davomi sifatida 17-18-avgust kunlari viloyat darajasida, 20-21-avgust kunlari tuman va shaharlarda sho'ba yig'ilishlari ko'rinishida davom etishi rejalashtirilgan. 24-29-avgust kunlari esa mamlakatimizdagi barcha ta'lim muassasalarida pedagogik kengashlar tarzida tashkil etiladi.
Dars mashg'ulotlari va yangi darsliklar
Forum doirasida respublika va hamkor tashkilotlar rahbarlari, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Respublika Tashxis markazi mas'ullari ishtirokida maxsus dars mashg'ulotlari va psixologik darslar o'tkaziladi. Ishtirokchilarning ish samaradorligini va jamoaviy ruhini oshirish maqsadida sport musobaqalari hamda "Zakovat" intellektual o'yinlari ham tashkil etilishi ko'zda tutilgan.
Shu bilan birga, xalqaro talablar asosida takomillashtirilgan umumta'lim fanlari o'quv dasturlari hamda yangidan chop etiladigan darsliklardagi ma'lumotlar o'quv yili davomida "Kasbiy rivojlanish soatlari" va "Kasbiy rivojlanish kunlari" doirasida alohida dastur asosida pedagoglarga o'rgatib boriladi.
Manba: UzA



