O'zbekiston va Ispaniya OTMlari rektorlarining ilk forumi Madrid shahrida boshlandi
Ispaniyaning Madrid shahridagi Rey Xuan Karlos universitetida O'zbekiston va Ispaniya rektorlarining birinchi forumi ochildi.

Kuni kecha Ispaniyaning Madrid shahridagi Rey Xuan Karlos universitetida O'zbekiston – Ispaniya universitetlari rektorlari birinchi forumining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Tantanali marosimni mamlakatimizning ushbu davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Farrux Tursunov, Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti rektori Komiljon Karimov, Ispaniya Ta'limni xalqaro darajada rivojlantirish xizmati (SEPIE) vakillari hamda Rey Xuan Karlos universiteti rahbari ochib berdi.
Anjumanda oliy ta'lim, ilm-fan va akademik almashinuv yo'nalishlaridagi hamkorlik istiqboli muhokama qilib chiqildi. Shuningdek, o'zaro aloqani mustahkamlash hamda yangi qo'shma loyihalarni yo'lga qo'yish masalalari ko'rib chiqildi.
Ishtirokchilar va kelgusidagi rejalar
O'zbekiston tomonidan 38 nafar oliy ta'lim muassasasi vakillari forum doirasida qator tadbir va uchrashuvlarda ishtirok etmoqda.
Yig'ilish, uchrashuv va muzokaralarda ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari o'rtasida yangi hamkorlik aloqalari o'rnatib, istiqbolli loyihalar amalga oshirish zarurligi ma'qullandi. Madrid va Barselona shaharlarida oliy o'quv yurtlari rahbarlari, ta'lim tashkilotlari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida o'tkazilayotgan mazkur xalqaro forum 13-iyunga qadar davom etadi.
Manba: UzA



