O'zbekiston va Qirg'iziston rektorlari forumi yakunida muhim kelishuvlarga erishildi
III O'zbekiston–Qirg'iziston rektorlari forumi doirasida 40 ga yaqin memorandum va qo'shma ta'lim dasturlari imzolandi.

O'zbekiston va Qirg'iziston oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Ikki mamlakat universitetlari rahbarlarining uchinchi anjumani yakunlariga ko'ra, akademik almashinuv, qo'shma ta'lim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan qator kelishuvlar imzolandi.
Hamkorlik va qo'shma dasturlar
Tadbir davomida O'zbekiston va Qirg'iziston oliygohlari o'rtasida 40 taga yaqin memorandum, hamkorlik bitimi hamda yo'l xaritalari imzolanishiga erishildi. Mazkur hujjatlar ikki davlat oliy ta'lim muassasalari orasidagi sheriklikni institutsional jihatdan mustahkamlashga qaratilgan.
Qabul qilingan kelishuvlarga ko'ra, uchta yo'nalish bo'yicha qo'shma ta'lim dasturlari amaliyotga tatbiq etiladi. Shuningdek, talabalarning o'qigan fanlari bo'yicha kreditlarini o'zaro tan olish mexanizmi ishga tushiriladi. Bu esa yoshlarning akademik harakatchanligini oshirib, xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga zamin yaratadi.
2026-2028-yillarga mo'ljallangan rejalar
Forum doirasida 2026–2028-yillarga mo'ljallangan “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi. Unga muvofiq, belgilangan davr mobaynida kamida 100 nafar talaba hamda 80 nafar professor-o'qituvchi ikki qo'shni davlat oliygohlari o'rtasidagi akademik almashinuv dasturlarida qatnashadi.
Ilmiy tadqiqotlar va qo'shma tashabbuslar
Ilmiy sohadagi sheriklikni kuchaytirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Tomonlar qo'shma ilmiy loyihalar va tadqiqot guruhlarini tuzish, shuningdek, doktorantlar uchun qo'shma ilmiy rahbarlik institutini joriy etish yuzidan kelishib olishdi. Bu esa fundamental va amaliy tadqiqotlar ko'lamini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, professor-muallimlar uchun malaka oshirish kurslari, ilmiy seminarlar hamda “StudExpo–2026” xalqaro ko'rgazma-tanlovini o'tkazish rejalashtirilgan. Mazkur forum natijalari Markaziy Osiyoda yagona ta'lim va ilm-fan makonini shakllantirish hamda xalqaro integratsiyani jadallashtirish yo'lidagi muhim qadam bo'ldi.
Manba: UzA



