O'zbekistonda oliy ta'lim tizimidagi talabalar soni 1,5 milliondan oshdi
Mamlakatimizda oliy ta'lim tizimi kengayib, talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetdi va oliygohlar soni 215 tani tashkil etdi.

O'zbekiston oliy ta'lim tizimi so'nggi yillarda sezilarli kengayish va tuzilmaviy o'zgarishlar bosqichini boshdan kechirmoqda. Milliy statistika qo'mitasi taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, 2025/2026 o'quv yilida mamlakatdagi jami oliy ta'lim tashkilotlari soni 215 taga yetgan bo'lib, talabalar soni esa 1 million 535 ming nafarni tashkil etmoqda.
Oliy ta'lim muassasalarining hududiy taqsimoti
Ayni paytda faoliyat yuritayotgan 215 ta oliygoh hududlar bo'yicha bir xil taqsimlanmagan bo'lib, eng katta ulush poytaxtga to'g'ri keladi. Jumladan:
- Toshkent shahri — 98 ta oliygoh
- Toshkent viloyati — 19 ta
- Samarqand viloyati — 14 ta
- Qoraqalpog'iston Respublikasi — 11 ta
- Buxoro viloyati — 11 ta
- Andijon viloyati — 9 ta
- Qashqadaryo viloyati — 9 ta
- Farg'ona viloyati — 9 ta
- Surxondaryo viloyati — 8 ta
- Xorazm viloyati — 8 ta
- Namangan viloyati — 6 ta
- Jizzax viloyati — 5 ta
- Navoiy viloyati — 5 ta
- Sirdaryo viloyati — 3 ta
Bu kabi ko'rsatkichlar oliy ta'lim infratuzilmasi hali ham markazlashgan holda ekanini hamda asosiy imkoniyatlar poytaxt va yirik shaharlarda to'planganini ko'rsatib turibdi.
Nodavlat sektorning o'rni va raqobat
Mavjud 215 ta oliy ta'lim tashkilotining 97 tasi nodavlat muassasalar hisoblanadi. Bu holat oliy ta'lim yo'nalishida sog'lom raqobat muhiti shakllanib borayotganini bildiradi. Nodavlat oliygohlarning ko'payishi yoshlar uchun tanlov imkoniyatini oshirib, ta'lim xizmatlari sifatini yaxshilash hamda yangi yo'nalishlar ochilishiga xizmat qilmoqda. Shunga qaramay, sifat nazorati va standartlashtirish masalalari hamon dolzarb vazifa bo'lib qolmoqda.
Talabalar sonining 1,5 milliondan oshishi mamlakatda inson kapitaliga qaratilayotgan investitsiya kuchayganidan dalolat beradi. Tez sur'atlar bilan kechayotgan transformatsiya jarayonida o'sish bilan bir qatorda sifat, mintaqaviy muvozanatni ta'minlash hamda mehnat bozori bilan integratsiya qilish masalalari muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: UzA



