O'zbekistonda oliy ta'lim tizimidagi talabalar soni va hududiy qamrovi o'sdi
Milliy statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2025/2026 o'quv yili boshida O'zbekistondagi oliy ta'lim muassasalarida talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetdi.

Oliy ta'lim mamlakatning intellektual salohiyatini shakllantiruvchi eng muhim tizimlardan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda yangi oliygohlarning tashkil etilishi, xususiy universitetlar sonining ortishi, qabul parametrlarining kengayishi hamda ta'limning turli shakllari joriy etilishi natijasida talabalar soni sezilarli darajada o'sdi. Bu esa aholining oliy ta'limga bo'lgan ehtiyoji va qiziqishi tobora ortib borayotganini ko'rsatmoqda.
Milliy statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2025/2026 o'quv yili boshida O'zbekistondagi oliy ta'lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 535 ming nafarni tashkil etgan. Ularning 1 million 478,7 ming nafari yoki 96,3 foizi bakalavriat bosqichida ta'lim olayotgan bo'lsa, 56,3 ming nafari yoxud 3,7 foizi magistraturada o'qimoqda. Bu ko'rsatkich bakalavriat mamlakat oliy ta'lim tizimining asosiy qismini tashkil etishini, magistratura esa ilmiy va kasbiy ixtisoslashuv bosqichi sifatida nisbatan ixcham auditoriyani qamrab olganini anglatadi.
Hududlar bo'yicha talabalar taqsimoti
Hududlar kesimida eng ko'p talaba Toshkent shahri hissasiga to'g'ri keladi. Poytaxtda 579,3 ming nafar talaba tahsil olmoqda, bu mamlakatdagi barcha talabalarning qariyb 38 foizi demakdir. Bunday yuqori ko'rsatkichga Toshkentda respublikadagi eng yirik davlat va xususiy oliy ta'lim muassasalari, xorijiy universitetlar filiallari hamda ilmiy markazlar jamlangani sabab bo'lmoqda.
Keyingi o'rinlarni quyidagi hududlar egallagan:
- Buxoro viloyati: 117,7 ming nafar
- Qashqadaryo viloyati: 111,6 ming nafar
- Toshkent viloyati: 101,5 ming nafar
- Farg'ona viloyati: 98,9 ming nafar
- Samarqand viloyati: 93,9 ming nafar
Reytingning quyi qismidan esa Sirdaryo viloyati (23,2 ming nafar), Jizzax viloyati (32,4 ming nafar) hamda Navoiy viloyati (42,5 ming nafar) joy olgan. Bu holat aholi soni, oliy ta'lim muassasalari soni va ta'lim infratuzilmasining hududlar bo'yicha farqlanishi bilan izohlanadi.
Istiqdordagi vazifalar
Tahlillar shuni ko'rsatadiki, so'nggi yillarda mamlakatda oliy ta'lim tizimi nafaqat son jihatidan, balki hududiy qamrov bo'yicha ham kengayib bormoqda. Biroq magistratura bosqichida tahsil olayotganlar ulushining hanuz pastligi ilmiy kadrlar tayyorlash, tadqiqot faoliyatini rivojlantirish va yuqori malakali mutaxassislar sonini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlarni davom ettirish zarurligini ko'rsatadi. Shu bois kelgusi yillarda ta'lim sifati bilan bir qatorda magistratura va ilmiy faoliyatga qiziqishni oshirish ustuvor vazifalardan biri bo'lib qoladi.
Manba: UzA



